Cobalt sabab Spark ag‘darilib, ichidagi ota va bola vafot etdi

Toshkent viloyatining Qorasuv – Bo‘ka – Bekobod avtomobil yo‘lida Spark qarama-qarshi yo‘lga chiqib ketib, yo‘l chekkasiga ag‘darilishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi. Bu haqda viloyat IIBB xabar berdi.
Cobalt Spark’ning yo‘lini siqqan
Tarmoqlarda tarqalgan videoda Spark quvib o‘tish manyovrini amalga oshirmoqchi bo‘lganida Cobalt uning yo‘lini siqib chiqqani, oqibatda Spark qarama-qarshi yo‘lga chiqib ketib ag‘darilgani, Cobalt esa voqea joyidan ketib qolganini ko‘rish mumkin.
Qoidabuzar qo‘lga olingan
IIBBning xabar berishicha, voqea 15-avgust kuni, soat 09:30 larda sodir bo‘lgan. Shu kunning o‘zida Cobalt haydovchisi, 30 yoshli X.A.ning shaxsiga aniqlik kiritilib, ushlangan.
«Millar» dasturiga ko‘ra, vafot etganlar 39 yoshli erkak va uning 5 yoshli farzandi bo‘lgan. Yana bir ayol shifoxonaga yotqizilgan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi ochilgan
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari boshlangan.
Avvalroq Sirdaryo viloyatining Xovos tumanidan o‘tuvchi M-34 avtomobil yo‘lida Chakman va Captiva rusumli avtomobillar to‘qnashishi oqibatida uch kishi halok bo‘lgandi.