Afsonaviy futbolchi Islom dinini qabul qildimi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Futbolchining o‘zidan hozircha izoh yo‘q
Foto: «Real Madrid»

Afsonaviy braziliyalik futbolchi Roberto Karlos Islom dinini qabul qildi. Bu haqda Turkiyaning hukmron Adolat va Taraqqiyot partiyasi a’zosi Ali Shohin Braziliya musulmonlar jamoasi vakillari bilan uchrashuvdan so‘ng ma’lum qildi.

Roberto Karlos shahodat kalimasini aytgan

Ali Shohinning yozishicha, bu ma’lumotni unga Shayx Jihod Hammadeh yetkazgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Roberto Karlos shayx bilan bir muddatdan buyon aloqada bo‘lib kelgan.

Ta’kidlanishicha, futbolchi taxminan to‘rt hafta avval Jihod Hammadeh bilan shaxsan uchrashgan. Aynan shu uchrashuvda Roberto Karlos shahodat kalimasini aytib, Islomni qabul qilgan.

«Shayx Jihod Hammadeh Roberto Karlos u bilan uzoq vaqtdan beri aloqada bo‘lib kelganini va to‘rt hafta oldin uning oldiga kelib, shahodat kalimasini aytib, Islomni qabul qilganini aytdi», – deb yozgan Ali Shohin.

U, shuningdek, Roberto Karlos va uning oilasiga tinchlik, sog‘lik va farovonlik tilagan.

Futbolchining o‘zidan hozircha izoh yo‘q

Shu bilan birga, Roberto Karlosning Islom dinini qabul qilgani haqidagi xabar futbolchining o‘zi yoki uning rasmiy vakillari tomonidan tasdiqlanmagan.

Foto: Ali Shohinning X sahifasi

Roberto Karlos kim

Roberto Karlos futbol tarixidagi eng mashhur chap qanot himoyachilaridan biri hisoblanadi. Braziliyalik futbolchi faoliyatining katta qismini Ispaniyaning «Real Madrid» klubida o‘tkazgan.

U Madrid klubi safida to‘rt marta Ispaniya chempionligini qo‘lga kiritgan va uch bor Chempionlar ligasida g‘olib chiqqan.

Braziliya terma jamoasi bilan esa Roberto Karlos 2002-yilgi Jahon chempionatida bosh sovrinni qo‘lga kiritgan.

U marokashlik qizga uylandi

Roberto Karlos marokashlik futbol agenti Suhayla Ettahiriga uylangan. Juftlikning suratlari 17 avgust kuni keng ommaga e’lon qilindi. Bu esa ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini Braziliya terma jamoasi va «Real Madrid»ning sobiq yulduzi yaqinda uylangan, degan xulosaga olib keldi.

Biroq ularning nikohi haqida avvalroq, yanvar oyida bo‘lib o‘tgan. Qayta tarqalgan suratlar esa iyul oyida bo‘lib o‘tgan to‘y marosimida olingan.

Futbolchi 2007 – 2009-yillarda Turkiyaning «Fenerbahche» klubida ham faoliyat yuritgan.

Avvalroq Portugaliya terma jamoasi sardori, mashhur futbolchi Krishtianu Ronaldu va Jorjina  Rodriges turmush qurganidan bir hafta o‘tib, model Instagram sahifasida oilaviy hayotidan yangi lavhalarni ulashgandi.

Shuningdek