2026-yilning eng «arzanda» iti aniqlandi

Vogue jurnali uy hayvonlari uchun o‘tkazgan Dogue tanlovining g‘olibini e’lon qildi. Minglab itlar orasidan Sir Spud laqabli it jurnalning maxsus muqovasiga chiqish huquqini qo‘lga kiritdi.
Tanlovda minglab arizalar kelib tushgan. Yakunda 25 ta it finalga yo‘l olgan va g‘olibni Vogue tahririyati tanlagan.
Sir Spud hakamlarni nimasi bilan hayratlantirdi
Tahririyat ma’lumotiga ko‘ra, g‘olibni aniqlashda bir nechta mezon hisobga olingan. Jumladan, surat kompozitsiyasiga 50 foiz, itning surat orqali namoyon bo‘ladigan o‘ziga xosligiga 25 foiz va Dogue uslubiga qanchalik mos kelishiga yana 25 foiz baho berilgan.
Sir Spud dastlab o‘zining xotirjam ko‘rinishi bilan tahririyat e’tiborini tortgan. Keyinchalik esa uning kameraga tikilib turgan qiziquvchan nigohi hakamlarni yanada qiziqtirgan.
Itning egasi Amina Vogue’ga bergan intervyusida Sir Spudni juda mehribon va sodiq it sifatida ta’riflagan. Uning aytishicha, uy hayvoni doimo egalarining yonida bo‘lishni, hatto tizzaga chiqib o‘tirishni yaxshi ko‘radi.
Amina Sir Spudning suratga tushganda panjalarini aynan muqovadagi kabi bukib olish odati borligini ham aytgan.
Uyda uni Sputnik deb chaqirishadi
Sir Spud ingliz va fransuz tillari ishlatiladigan oilada yashaydi. Qiziq jihati shundaki, itga bu ismni tug‘ilganda katolik rohiblari bergan. Keyinchalik yangi egalari uning ismini o‘zgartirishga jur’at qilmagan.
Biroq uyda unga boshqa laqab ham berilgan – Sputnik. Sir Spud mushuk, quyon va olmaxonlarni quvishni yaxshi ko‘radi. Uning yana bir o‘ziga xos xususiyati – yaxshi hid bilishi. Shu sababli u ryukzak va sumkalardan yeguliklarni topib olishga usta.
Egasi uni hatto mohir «o‘g‘ri» deb ham atagan. Biroq Sir Spudning asosiy quroli uning ayyorligi emas, balki maftunkorligi: u o‘z jozibasi bilan egalarini o’ziga maftun qiladi.
Vogue tanlovining nomi ham o‘zgacha
Dogue nomi ingliz tilidagi «dog» – it so‘zi va Vogue nomining qo‘shilishidan hosil qilingan. Tanlov esa itlarning suratlari va o‘ziga xosligini moda jurnali uslubida namoyish etishga qaratilgan.
Shunday qilib, minglab ishtirokchilar orasidan Sir Spud Dogue muqovasining yangi qahramoniga aylandi.
Avvalroq Buyuk Britaniyaning Uels hududida 10 yil avval yo‘qolib qolgan mushuk egasining 30 yoshga to‘lgan kunida topilib, oilasiga qaytarilgani haqida xabar berilgandi.