Maktabgacha ta’lim sohasida yangi markaz tashkil etiladi: u nima bilan shug‘ullanadi

Toshkent shahrida maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishga ixtisoslashgan yangi markaz tashkil etiladi. Bu haqda hukumatning 18-avgustdagi 446-son qarorida belgilangan.
Markaz nimalar bilan shug‘ullanadi?
Qarorga ko‘ra, Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti huzurida Maktabgacha ta’limni rivojlantirish mintaqaviy markazi tashkil qilinadi.
Markazning asosiy vazifalari qatoridan maktabgacha ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda xorijiy tajribani o‘rganish o‘rin oladi.
Shuningdek, markaz YUNESKOga a’zo davlatlarning maktabgacha ta’lim dasturlari va usullari bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazishda ishtirok etadi.
Muassasa bolalarni erta rivojlantirishga qaratilgan ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etishga ham ko‘maklashadi.
Toshkent deklaratsiyasi ijrosi kuzatiladi
Markaz 2030-yilgacha maktabgacha ta’lim sohasidagi Toshkent deklaratsiyasi ijrosini monitoring qiladi va bu bo‘yicha davriy hisobotlar tayyorlaydi.
Bundan tashqari, pedagoglarni qayta tayyorlashda yangi yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi. Xalqaro trening, seminar va konferensiyalarni tashkil etish ham markazning vazifalaridan biri bo‘ladi.
Avvalroq 2026-yilda O‘zbekiston o‘quvchilari xalqaro fan olimpiadalarida munosib natijalarni qayd etib, yil davomida ular jami 220 ta medal, jumladan, 35 ta oltin, 81 ta kumush va 104 ta bronza medalni qo‘lga kiritgani haqida xabar berilgandi.