2027-yildan nasiya bozori qanday o‘zgaradi — ekspert tahlili

eʼlon qilindi
Kursiv Uzbekistan yangi tartibning bozorga ehtimoliy ta’sirini Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Ilmiy tadqiqotlar va grantlar bo‘limi boshlig‘i, iqtisodchi Ikboljon Kasimov bilan tahlil qildi
2027-yildan nasiya bozori qanday o‘zgaradi — ekspert tahlili
Foto: Mediapark

2027-yil 1-yanvardan O‘zbekistonda muddatli to‘lov xizmatlari alohida tartibga solina boshlaydi. Yangi qoidalar operatorlarni Markaziy bank nazoratiga olib kiradi, shartnomalar uchun 12 oylik maksimal muddat va BHMning 250 baravari miqdorida limit belgilaydi, komissiya hamda boshqa xarajatlarni oshkora ko‘rsatishni majburiy qiladi. Eng ko‘p savol tug‘dirayotgan jihatlardan biri esa ko‘chmas mulkning muddatli to‘lov xizmati obyekti bo‘la olmasligi. Kursiv Uzbekistan yangi tartibning bozorga ehtimoliy ta’sirini Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Ilmiy tadqiqotlar va grantlar bo‘limi boshlig‘i, iqtisodchi Ikboljon Kasimov bilan tahlil qildi.

Ushbu maqola orqali quyidagilarni bilib olishingiz mumkin:

2027-yildan muddatli to‘lov bozorida nima o‘zgaradi

Prezident qaroriga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmatlari bilan shug‘ullanuvchi operatorlar faoliyati tartibga solinadi.

Bank va mikromoliya tashkilotlaridan tashqari, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxs Markaziy bank shakllantiradigan maxsus reyestrga kiritilgandan keyingina ushbu faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘ladi.

Operatorlar mijozlarni raqamli identifikatsiya va verifikatsiyadan o‘tkazishi, tuzilgan shartnomalar va ularning ijrosi bo‘yicha kredit byurolari bilan axborot almashishi, shuningdek, Markaziy bank belgilaydigan qarz yuki talablariga rioya qilishi kerak.

Yangi tartib iste’molchiga ham bir qator kafolatlar beradi. Jumladan, operatorning ustamasi, komissiyasi va boshqa to‘lovlari alohida ko‘rsatilishi kerak. Iste’molchi qarzni istalgan vaqtda to‘liq yoki qisman qo‘shimcha jarima va komissiyasiz muddatidan oldin yopishi mumkin.

Shuningdek, asosiy qarzdan tashqari barcha to‘lovlar, jumladan, vositachilik haqi, jarima va penyalar yig‘indisi yiliga muddatli to‘lov miqdorining yarmidan oshmasligi kerak.

Uy-joyni bo‘lib to‘lash mumkin bo‘lib qoladimi

Yangi qarorda eng ko‘p muhokama qilinayotgan bandlardan biri – ko‘chmas mulk muddatli to‘lov xizmati obyekti bo‘la olmasligi. Buni 2027-yildan boshlab kvartira yoki uylarni umuman bo‘lib to‘lash mumkin bo‘lmaydi, deb tushunish noto‘g‘ri.

Qarorda sotuvchi o‘z tovarini iste’molchiga to‘g‘ridan to‘g‘ri bo‘lib to‘lash sharti bilan sotadigan holatlar muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan ajratilgan. Demak, vositachi operator orqali uy-joyni nasiya asosida moliyalashtirishga cheklov qo‘yiladi, biroq quruvchining o‘zi qurgan kvartirani xaridorga to‘g‘ridan to‘g‘ri bo‘lib sotishi boshqa huquqiy munosabat sifatida qolishi mumkin.

Ikboljon Kasimovning fikricha, aynan shu farqni aniq tushuntirish muhim.

«Ko‘chmas mulk muddatli to‘lov xizmati obyekti bo‘la olmasligi uy-joyni 2027-yildan boshlab aynan qisqa muddatli nasiya xizmati orqali moliyalashtirish mumkin emasligini anglatadi. Biroq bu quruvchi o‘zi barpo etgan turar joyni xaridorga bevosita bo‘lib to‘lash asosida sotishi mutlaqo taqiqlanadi degani emas», – deydi iqtisodchi.

Uning fikricha, quruvchi va xaridor o‘rtasidagi uzoq muddatli bitimni telefon yoki maishiy texnika uchun mo‘ljallangan nasiya modeli bilan bir xil tartibda boshqarish to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Uy-joy uchun alohida moliyalashtirish modeli kerakmi

O‘zbekistonda yangi qurilayotgan uy-joylarni ikki yoki uch yilga, ayrim hollarda undan ham uzoqroq muddatga bo‘lib to‘lash amaliyoti keng tarqalgan.

Bunday modelning yo‘qolishi xaridorlarning katta qismini ipotekaga qaram qilib qo‘yishi mumkin. Bunda yuqori foiz stavkalari, rasmiy daromadni tasdiqlash talablari va ayrim fuqarolarning foizli kreditga munosabati qo‘shimcha to‘siq bo‘lishi mumkin. Kasimov shu sababli ko‘chmas mulk uchun alohida tartib ishlab chiqish maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi.

«Uy-joy xaridorlari amalda faqat ipoteka kreditiga bog‘lanib qolishi ko‘plab oilalar uchun uy-joy olish imkoniyatini cheklashi mumkin. Quruvchi va xaridor o‘rtasidagi uzoq muddatli to‘lovli oldi-sotdi munosabatlariga alohida ko‘chmas mulkni moliyalashtirish va iste’molchini himoya qilish qoidalarini tatbiq etish mumkin», – deydi ekspert.

Bunday tizimda faqat to‘lov muddati emas, balki qurilish loyihasining hujjatlari, yerga bo‘lgan huquqlar, obyektni topshirish sanasi, xaridor mablag‘larining saqlanishi va qurilish tugallanmay qolgan taqdirda pullarni qaytarish mexanizmi ham muhim bo‘ladi.

12 oylik cheklov 2-3 yillik nasiyaga qanday ta’sir qiladi

Yangi qoidalarga ko‘ra, muddatli to‘lov xizmati bo‘yicha iste’molchining majburiyati shartnoma tuzilgan kundan boshlab 12 oydan oshmasligi kerak. Bu talab, ayniqsa, 18, 24 yoki 36 oylik bo‘lib to‘lashni taklif qilayotgan kompaniyalarning biznes modeliga ta’sir qilishi mumkin.

Telefon, maishiy texnika, mebel va kundalik iste’mol tovarlari bozorida esa o‘zgarish nisbatan yumshoq bo‘lishi kutilmoqda. Kasimovning aytishicha, bozordagi katta qism nisbatan qisqa muddatli nasiyaga moslashgan.

«Yangi tartib bozorning asosiy qismiga keskin salbiy ta’sir qilmasligi, aksincha, mavjud amaliyotni huquqiy jihatdan standartlashtirishi mumkin. Xaridor uchun asosiy yutuq shartnomaning shaffoflashishi, komissiya va ustamalarning alohida ko‘rsatilishi hamda qarzni muddatidan oldin jarimasiz yopish imkoniyati», – deydi u.

Ammo hozir ikki yoki uch yilga nasiya taklif qilayotgan savdogarlar uzoqroq muddatli mahsulotlarini bank, mikromoliya tashkiloti yoki boshqa qonuniy moliyalashtirish mexanizmi orqali rasmiylashtirishiga to‘g‘ri kelishi mumkin.

Shunday qilib, uzoq muddatli nasiya butunlay yo‘qolishi shart emas, ammo uning huquqiy shakli o‘zgarishi mumkin.

BHMning 250 baravari limiti avtomobillarga nima qiladi

Muddatli to‘lov xizmatining yana bir muhim chegarasi bitim qiymati BHMning 250 baravaridan oshmasligi. Ikboljon Kasimov hisob-kitobiga ko‘ra, bu qariyb 110 mln so‘mlik chegarani anglatadi. Shunday ekan, talab birinchi navbatda qimmat avtomobillar, yirik uskunalar va boshqa katta qiymatli xaridlarga ta’sir qilishi mumkin.

Oddiy smartfon, televizor, muzlatkich yoki mebelning katta qismi bu chegaraga yetmaydi. Ammo avtomobil yoki qimmat professional uskunani aynan yangi tartibdagi muddatli to‘lov xizmati orqali sotish imkoniyati cheklanadi.

«Limitdan yuqori xaridlar uchun bank krediti, lizing, mikromoliya mahsuloti yoki boshqa qonuniy moliyalashtirish shakliga murojaat qilish ehtimoli kuchayadi», – deydi Kasimov.

Ekspertning fikricha, nazorat organlari yana bir xavfni hisobga olishi kerak: ayrim sotuvchilar limitni chetlab o‘tish uchun bitta xaridni bir nechta shartnomaga bo‘lib yuborishga urinishi mumkin. Shu sababli bitimning nomiga emas, xaridor zimmasiga tushadigan haqiqiy jami moliyaviy majburiyatga qarash muhim bo‘ladi.

Qarz yuki va kredit byurolari

2027-yildan operatorlar barcha muddatli to‘lov shartnomalari va ularning ijrosi haqidagi ma’lumotlarni kredit byurolari bilan almashishi kerak. Bu bir fuqaroning bir vaqtning o‘zida nechta nasiya majburiyati borligini ko‘rish imkonini beradi.

Masalan, bir kishi bir platformadan telefon, ikkinchisidan televizor, uchinchisidan mebel va yana boshqa joydan maishiy texnika olgan bo‘lsa, yangi operator uning mavjud qarzlarini hisobga olishi mumkin.

Nazariy jihatdan bu ortiqcha qarzdorlikni kamaytiradi.

«Bir shaxsning bir nechta nasiya shartnomalari kredit byurolarida aks etishi ortiqcha qarzdorlikning oldini olishda foydali vosita bo‘lishi mumkin. Yangi shartnoma tuzayotgan operator xaridorning mavjud oylik majburiyatlarini ko‘ra oladi», – deydi Kasimov.

Shu bilan birga, ekspert kredit byurosidagi yozuvning o‘zi avtomatik rad javobiga sabab bo‘lmasligi kerakligini ta’kidlaydi.

Qarz yuki hisoblanayotganda daromad, mavjud to‘lovlarning qachon tugashi, oldingi to‘lov intizomi va boshqa ko‘rsatkichlar ham e’tiborga olinishi kerak.

Norasmiy daromad oladiganlar uchun nasiya

Yangi talablarning murakkab jihati aynan shu yerda ko‘rinishi mumkin. Rasmiy ish haqiga ega va bank tizimida barqaror pul oqimi ko‘rinib turadigan mijoz uchun qarz yukini baholash nisbatan oson.

Ammo O‘zbekistonda norasmiy ishlaydigan, o‘zini o‘zi band qilgan, mavsumiy daromad oladigan yoki daromadining katta qismini naqd pulda oladigan fuqarolar ham ko‘p. Kasimovning fikricha, bunday odamlarni tizimdan avtomatik ravishda chiqarib yubormaslik kerak.

«Tartibga solishning maqsadi moliyalashtirishni to‘liq cheklash emas, balki qaror qabul qilishda faqat rasmiy ish haqi emas, pul oqimi, boshlang‘ich badal, to‘lov tarixi va boshqa ishonchli ko‘rsatkichlarni ham hisobga oladigan adolatli baholash tizimini yaratish bo‘lishi kerak», – deydi ekspert.

Aks holda, iste’molchini ortiqcha qarzdorlikdan himoya qilish uchun kiritilgan qoidalar daromadi past yoki norasmiy bo‘lgan fuqarolarning qonuniy nasiyadan foydalanish imkoniyatini kamaytirishi mumkin.

Buning yana bir xavfi shundaki, rasmiy bozordan chetda qolgan talab norasmiy qarz beruvchilar yoki nazorat qilinmaydigan sxemalarga o‘tib ketishi mumkin.

Komissiyalar cheklansa, tovarlar qimmatlashishi mumkinmi

Yangi tartib operatorlarning daromad modeliga ham ta’sir qiladi. Barcha komissiyalar, ustamalar va boshqa majburiy to‘lovlar alohida ko‘rsatilishi kerak. Bundan tashqari, jarima va boshqa xarajatlarning umumiy miqdoriga ham chegara belgilanadi.

Bu iste’molchi uchun ijobiy: xaridor nasiyaga olingan mahsulot oxir-oqibat unga qancha tushishini yaxshiroq ko‘ra boshlaydi. Ammo kompaniyalar yo‘qotilgan komissiya daromadini mahsulotning boshlang‘ich narxiga qo‘shishga urinishi mumkin.

«Komissiya pasaygani bilan naqd narx yoki muddatli to‘lovdagi yakuniy narx asossiz oshib ketmasligini nazorat qilish zarur», – deydi Kasimov.

Ekspertning fikricha, buning eng samarali yo‘li xaridorga bir vaqtning o‘zida naqd narx, muddatli to‘lovdagi jami narx, barcha majburiy xarajatlar va yakuniy to‘lanadigan summani ko‘rsatish.

Shunda xaridor, masalan, 10 mln so‘mlik telefonni naqdga olish bilan 12 oyga nasiya olish o‘rtasidagi haqiqiy farqni darhol ko‘ra oladi.

Yashirin nasiya sxemalari paydo bo‘lishi xavfi bormi

Har qanday yangi cheklov bilan birga uni aylanib o‘tishga urinish xavfi ham paydo bo‘ladi.

12 oylik maksimal muddat ayrim kompaniyalarni bitimga boshqa nom berishga undashi mumkin. Masalan, uzoq muddatli ijara, sotib olish huquqi bilan ijara, alohida xizmat shartnomasi yoki vositachi orqali tuzilgan bitimlar ko‘payishi ehtimoldan xoli emas.

Bunda hujjatning nomi boshqa bo‘lsa-da, iqtisodiy mazmuni oddiy nasiya bo‘lib qolishi mumkin.

«Bunday bitimlarda xaridor ko‘pincha mulk huquqi, to‘langan mablag‘ni qaytarish va shartnoma buzilgandagi himoya bo‘yicha zaifroq holatda qoladi. Ayniqsa, 2-3 yillik bo‘lib to‘lash modeliga tayangan quruvchilar uchun asosiy yechim yashirin sxema emas, balki shaffof va alohida tartibga solinadigan bevosita quruvchi-xaridor modeli bo‘lishi kerak. Bunda loyiha hujjatlari va yer huquqi oshkora bo‘lishi, xaridor pullari alohida hisobda saqlanishi, mablag‘lar qurilish bosqichiga qarab ajratilishi, mustaqil audit hamda qurilish kechiksa yoki loyiha amalga oshmasa xaridorni himoya qiladigan aniq tartib belgilanishi lozim», – deydi Kasimov.

Umuman olganda, yangi qoidalarni muddatli to‘lov bozorini qisqartirishga qaratilgan qaror sifatida baholash bir tomonlama bo‘ladi. Bunda asosiy o‘zgarish ilgari nisbatan erkin shakllangan nasiya bozorini moliyaviy nazorat tizimiga kiritish, qarzdorlik xavfini kamaytirish va iste’molchiga mahsulotning haqiqiy qiymatini ko‘rsatish.

Shu sababli 2027-yildan keyingi asosiy masala nasiya bor yoki yo‘qligida emas, balki turli bozorlardagi uzoq muddatli moliyalashtirish mexanizmlari qaysi huquqiy shaklda va qanday iste’molchi himoyasi bilan ishlashida bo‘ladi.

Shuningdek