Bank omonatlariga soliq: budjet yutadimi yoki bank tizimi yutqazadimi

eʼlon qilindi
Kursiv Uzbekistan iqtisodchilar va huquqshunos bilan suhbatlashib ushbu jarayon haqida fikrlarni o‘rgandi
Bank omonatlariga soliq: budjet yutadimi yoki bank tizimi yutqazadimi
Rasm sun’iy intellektr yordamida tayyorlandi

O‘zbekistonda bank omonatlaridan olinadigan foiz daromadlarini soliqqa tortish masalasi jamoatchilik va iqtisodchilar orasida muhokamaga sabab bo‘ldi. Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish, fiskal tahlillar instituti bank omonatlaridan olinadigan foizlarni dividend daromadlariga tenglashtirib, ularga 5 foizlik jismoniy shaxslar daromad solig‘ini qo‘llashni taklif qilgan.

Kursiv Uzbekistan iqtisodchilar va huquqshunos bilan suhbatlashib ushbu jarayon haqida fikrlarni o‘rgandi.

Ushbu maqolada siz quyidagilarni bilib olishingiz mumkin:

Taklif nimani o‘zgartiradi

Amaldagi tartibga ko‘ra, jismoniy shaxslarning banklardagi omonatlari bo‘yicha oladigan foizlari daromad solig‘idan ozod qilingan. Fiskal tahlillar instituti esa 1998-yildan buyon amal qilib kelayotgan ushbu imtiyozni bekor qilish va depozit foizlarini dividend daromadlari singari 5 foiz stavkada soliqqa tortishni taklif qilmoqda. Qayd etish kerakki, ushbu 5 foizli stavka jismoniy shaxslar uchun 2028-yilning yakuniga qadar qo‘llanilmaydi va shu imtiyozni yana uzaytirish taklifi ko‘rib chiqilmoqda.

Taklifning asosiy argumenti – turli passiv daromadlar o‘rtasidagi soliq yukini bir-biriga yaqinlashtirish.

Hozir dividend daromadlariga 5 foiz, ijara, royalti va kapital qiymatining o‘sishidan olinadigan ayrim daromadlarga esa odatda 12 foiz stavka qo‘llanadi. Bank depozitlaridan olinadigan foizlar esa soliqdan ozod.

Shu sababli institut depozit foizlarini ham soliqqa tortiladigan daromadlar qatoriga kiritishni taklif qilgan.

170,2 trln so‘mlik omonat haqida gap ketmoqda

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-may holatida jismoniy shaxslarning banklardagi depozitlari 170,2 trln so‘mni tashkil etgan.

Fiskal tahlillar instituti hisob-kitobida depozitlarning o‘rtacha yillik daromadliligi 16 foiz deb olingan. Shunda aholi bir yil davomida taxminan 27,2 trln so‘m foiz daromadi olishi mumkin.

Agar ushbu daromadga 5 foizlik soliq qo‘llansa, nazariy hisobda budjetga qariyb 1,36 trln so‘m, ya’ni 1,4 trln so‘mga yaqin qo‘shimcha tushum keladi.

Masalan, fuqaro bankka yillik 16 foiz stavkada 100 mln so‘m qo‘ydi, deylik. Bir yil davomida u 16 mln so‘m foiz daromadi oladi. Agar 5 foizlik soliq aynan shu daromadga qo‘llansa, 800 ming so‘m soliq to‘laydi. Uning sof foiz daromadi 15,2 mln so‘m bo‘ladi.

Ya’ni soliq omonatning asosiy summasiga emas, undan olinadigan foiz daromadiga solinadi.

Ammo iqtisodiy ta’sirni faqat shu hisob-kitob bilan baholab bo‘lmaydi.

Markaziy bank: bu hozircha rasmiy taklif emas

O‘zbekiston Markaziy banki asosiy stavkani 13% gacha pasaytirishi mumkin
Foto: Kursiv Uzbekistan

Ijtimoiy tarmoqlarda mavzu keng muhokama qilingach Markaziy bank rasmiy bayonot berdi.

Regulyatorning ma’lum qilishicha, omonat foizlarini soliqqa tortish haqidagi fikr Fiskal tahlillar instituti tomonidan o‘tkazilgan ilmiy-tahliliy tadqiqot doirasida bildirilgan. Bu fikr rasmiy taklif sifatida kiritilmagan.

Markaziy bank, shuningdek, bunday tashabbuslarni baholashda uning moliyaviy resurslar qiymati, banklarning resurs bazasi va moliyaviy barqarorlikka ta’sirini kompleks ko‘rib chiqish zarurligini qayd etdi.

«Markaziy bank takliflarni o‘rganishda ularning moliyaviy resurslar qiymatiga, banklarning resurs bazasi hamda moliyaviy barqarorlikka ta’sirini kompleks baholashga alohida ahamiyat qaratadi», – deyiladi izohda.

Bu pozitsiya masalaning faqat soliq tushumini hisoblash bilan tugamasligini anglatadi.

Markaziy bankning o‘zi ham depozit va kredit stavkalari o‘rtasida bog‘liqlik borligini qayd etadi: banklarga jalb qilinadigan depozitlarning narxi kredit foizlariga bevosita ta’sir qilishi mumkin.

Mirkomil Xolboyev: depozitlar jozibadorligi pasayishi mumkin

Foto: Mirkomil Xolboyev / Facebook

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev taklifning ehtimoliy oqibatlarini bir necha yo‘nalishda baholaydi. Uning fikricha, soliq joriy etilishi birinchi navbatda omonatchining sof daromadini kamaytiradi.

Uning hisob-kitobiga ko‘ra, milliy valyutadagi depozitlar bo‘yicha o‘rtacha stavka yuqori bo‘lgan sharoitda 5 foizlik soliq omonatchining samarali daromadliligini qariyb 1 foiz bandga pasaytirishi mumkin. Xorijiy valyutadagi depozitlarda esa ta’sir nisbatan kichikroq bo‘ladi.

«Hozirgi arxitektura bilan depozitlarni soliqqa tortishdan keladigan zarar, u olib keladigan foydadan oshib ketishi mumkin».

Bu yerda yana bir muhim masala – so‘mdagi depozitlarning jozibadorligi.

So‘nggi yillarda milliy valyutadagi depozitlar yuqori daromadliligi sababli aholining jamg‘armalarini so‘mda saqlashga rag‘bat kuchaygan. Xolboyevning keltirgan ma’lumotlariga ko‘ra, jismoniy shaxslar depozitlari tarkibida xorijiy valyutadagi omonatlar ulushi 2020-yil boshidagi 32,5 foizdan 2026-yil martida 20,8 foizgacha tushgan.

Demak, depozit foizlarini soliqqa tortish xorijiy valyutadagi omonatlarga katta ustunlik bermasa-da, so‘m depozitlarining jozibadorligini pasaytirishi va dollarizatsiyaning pasayish sur’atiga salbiy ta’sir qilishi mumkin.

Markaziy bankning amaldagi statistikasi ham jismoniy shaxslarning milliy valyutadagi muddatli depozitlari bo‘yicha foiz stavkalari yuqori darajada shakllanayotganini ko‘rsatadi. 2026-yil iyulidagi o‘rtacha ko‘rsatkich 19,9 foiz atrofida bo‘lgan.

Soliq bank kreditlariga ham ta’sir qilishi mumkin

Masalaning eng muhim jihatlaridan biri – depozitlar banklar uchun shunchaki aholining jamg‘armasi emas, balki bank resursidir.

Agar soliq sababli depozitlarning jozibadorligi pasaysa, banklarda yangi omonatlarni jalb qilish yoki mavjud depozitlarni saqlab qolish zarurati kuchayishi mumkin. Buning uchun banklar yuqoriroq foiz taklif qilishga majbur bo‘lishi ehtimoli mavjud. Bu esa bank resurslari qiymatini oshiradi.

Keyingi bosqichda yuqori resurs qiymati kredit foizlariga ham ta’sir qilishi mumkin. Natijada tadbirkorlik kreditlari, ipoteka yoki iste’mol kreditlari qimmatlashishi ehtimoli yuzaga keladi.

Markaziy bankning o‘zi ham kredit stavkalariga banklar jalb qilayotgan resurslar qiymati, jumladan depozitlar bo‘yicha to‘lanadigan foizlar bevosita ta’sir qilishini qayd etgan.

Shunday qilib, budjetga 1,4 trln so‘mlik qo‘shimcha tushum berishi mumkin bo‘lgan soliq iqtisodiyotning boshqa qismida qo‘shimcha xarajatlarni yuzaga keltirishi ehtimolini ham tug‘diradi.

Behzod Hoshimov: muammo stavkada emas, nimaning soliqqa tortilishida

Foto: Behzod Hoshimov / Facebook

Iqtisodchi Behzod Hoshimov esa masalaga kengroq soliq siyosati nuqtai nazaridan qaraydi.

Uning fikricha, soliq siyosatidagi asosiy muammo har doim ham stavkaning baland yoki pastligida emas. Muhimi – davlat nimani daromad, nimani investitsiya va nimani iste’mol sifatida ko‘rayotganida.

«Soliq siyosatimizdagi asosiy muammo, menimcha, stavkada emas: nima soliqqa tortilishida».

Hoshimov investitsiya uchun sarflangan mablag‘ bilan iste’mol uchun ishlatilgan mablag‘ o‘rtasida farq bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi.

Uning mantig‘iga ko‘ra, fuqaro yoki tadbirkor bugungi daromadini kelajakda daromad keltiradigan aktivga yo‘naltirsa, bu mablag‘ning iqtisodiyot uchun ahamiyati oddiy iste’mol xarajatidan farq qiladi.

Bank depoziti ham shu nuqtai nazardan muhim. Fuqaro pulini bugun sarflamaydi, balki bank tizimiga joylashtiradi. Bank esa bu mablag‘lardan kreditlash va boshqa moliyaviy operatsiyalarda foydalanadi.

Shuning uchun depozit foizlarini soliqqa tortish masalasida faqat omonatchining daromadi emas, uning jamg‘armasi iqtisodiyotga qanday xizmat qilayotgani ham hisobga olinishi kerak.

Huquqshunos: budjet foydasi bilan iqtisodiy xarajat birga hisoblanishi kerak

Foto: TSUL legal clinic / Instagram

Huquqshunos, «Yurist maslahati» kanali muallifi Abdulloh Nishonov ham masalani faqat budjetga tushadigan mablag‘ bilan o‘lchash mumkin emasligini ta’kidlaydi.

Uning yondashuviga ko‘ra, davlat aholining banklarda jamg‘arma saqlashini yillar davomida turli mexanizmlar orqali rag‘batlantirib kelgan. Endilikda ushbu rag‘batni o‘zgartirish aholining moliyaviy xulq-atvoriga ta’sir qilishi mumkin.

Bu yerda asosiy savol – qo‘shimcha soliq tushumi evaziga bank tizimining resurs bazasi qanchaga o‘zgarishi.

Agar kichik omonatlar ham bir xil tartibda soliqqa tortilsa, aholining ayrim qatlamlari uchun bank depozitining jozibadorligi kamayishi mumkin. Natijada mablag‘lar boshqa aktivlarga, naqd pulga yoki norasmiy iqtisodiy aylanmaga yo‘nalishi ehtimoli paydo bo‘ladi.

Shu sababli Nishonovning yondashuvida soliq joriy etilishidan oldin uning turli ssenariylardagi iqtisodiy oqibatlarini hisoblash muhim.

Xalqaro tajriba: faqat stavkani solishtirish yetarli emas

Fiskal tahlillar instituti taklifini asoslashda xorijiy mamlakatlar tajribasiga ham murojaat qilgan.

Taqdimotda Qozog‘iston, Ozarbayjon va Hindistonda depozit foizlariga 10 foiz, Tailandda 15 foiz, Indoneziyada 20 foiz, Germaniyada 26,4 foiz, Turkiyada esa 15 – 40 foizgacha soliq stavkalari qo‘llanishi qayd etilgan.

Ammo mamlakatlarni faqat stavka bo‘yicha taqqoslash yetarli emas.

Chunki bir qator davlatlarda soliqdan ozod qilinadigan minimal miqdor, depozit muddati, valyutasi yoki omonatchining maqomiga qarab imtiyozlar mavjud.

Demak, xalqaro tajribadan olinadigan asosiy xulosa «depozitga soliq solish kerak» yoki «soliq solmaslik kerak» emas. Asosiy masala – soliqqa tortish mexanizmini iqtisodiyotdagi jamg‘arma va investitsiya jarayonlari bilan qanday uyg‘unlashtirish.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan bank depozitlari bo‘yicha foizlar soliqqa tortilishi taklif qilingani haqida yozgandi.

Shuningdek