Endi GM avtomobillarida bo‘yin yostiqchasi bo‘ladi

General Motors avtomobil o‘rindig‘i ichiga yashiriladigan va kerak bo‘lganda avtomatik ochiladigan bo‘yin yostiqchasi uchun patent arizasi topshirdi. GM Authority’ga ko‘ra, tizim yo‘lovchining bo‘ynini qo‘llab-quvvatlash uchun havo bosimi yordamida ishlaydi.
Patent tavsifiga ko‘ra, yostiqcha ishlatilmayotganda o‘rindiq suyanchig‘i ichidagi maxsus bo‘limda to‘liq yig‘ilgan holatda turadi.
Kerak bo‘lganda esa pnevmatik tizim yordamida shishib, o‘rindiqdan tashqariga chiqadi va yo‘lovchining bo‘ynini qisman qo‘llab-quvvatlaydi. Yostiqcha shishganda uning ustini yopib turgan panel ham avtomatik ravishda ochiladi.
Qattiqlikni sozlash mumkin

Tizim yostiqchani bir necha qismga bo‘lib ishlashi mumkin. Avval ichki qism shishib, asosiy shaklni hosil qiladi, keyin tashqi qism kengayib bo‘yin uchun tayanch vazifasini bajaradi.
Patentda yostiqchaning qattiqligi va shishish darajasini sozlash imkoniyati ham ko‘zda tutilgan.
Ichki tasmalari esa yostiqchaning haddan tashqari kengayib ketishini cheklaydi va kerakli shaklni saqlashga yordam beradi.
Ishlatilgandan keyin yana o‘rindiq ichiga qaytadi

Yostiqcha kerak bo‘lmay qolganda tizim ichidagi havoni so‘rib oladi. Shundan so‘ng u yana o‘rindiq suyanchig‘i ichidagi bo‘limga qaytadi. GM bu texnologiyada o‘rindiqlardagi massaj yoki belni qo‘llab-quvvatlash tizimlarida ishlatiladigan pnevmatik uskunalardan foydalanishi mumkin.
Yostiqchani tugma, kalit yoki avtomobil ekranidagi boshqaruv orqali ishga tushirish mumkin bo‘lishi kutilmoqda. Shuningdek, tizim haydovchi avtomobilni boshqarayotgan paytda yostiqchaning ochilishini cheklashi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chevrolet Traverse 2028 modeli qanday yangilanishlar olishi haqida xabar berilgandi. Chevrolet Traverse’ning 2028-yilgi versiyasi modelning 20 yilligiga to‘g‘ri keladigan yirik yangilanishlarni oladi.