Tramp Eronga qarshi «misli ko‘rilmagan iqtisodiy izolyatsiya» boshlaganini e’lon qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan savdo qiladigan yoki unga moliyaviy yordam ko‘rsatadigan davlatlar «juda katta iqtisodiy oqibatlar»ga duch kelishini aytdi. Donald Tramp Truth Social’dagi postida AQSh Eronga qarshi yanada keskin iqtisodiy bosim kampaniyasini boshlayotganini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron bilan moliyaviy yoki tijoriy aloqalarni davom ettirayotgan davlatlar ham AQSh sanksiyalariga duch kelishi mumkin.
AQSh prezidenti Eronni kelishuvga erishmaganlikda ayblab, unga qarshi «eng og‘ir iqtisodiy operatsiya» boshlanayotganini bildirdi.
«Eron uchun har qanday moliyaviy ko‘makka yo‘l qo‘ygan davlat juda katta iqtisodiy oqibatlarga duch keladi», – dedi Tramp.
U banklar, kompaniyalar, aeroportlar yoki davlat tashkilotlari orqali Eronga yordam berish ham jazo choralariga sabab bo‘lishi mumkinligini aytdi.
Tramp, shuningdek, neft kontrabandasi, pul o‘tkazmalari, valyuta ayirboshlash shoxobchalari, kemalarni ro‘yxatdan o‘tkazish va vositachi kompaniyalar orqali amalga oshirilayotgan operatsiyalarni to‘xtatishga chaqirdi.
Qanday jazolar qo‘llanishi hozircha noma’lum
Tramp qaysi davlatlarga yoki kompaniyalarga qarshi qanday aniq iqtisodiy choralar ko‘rilishini ma’lum qilmadi.
Uning bayonoti aprel oyida boshlangan Operation Economic Fury kampaniyasining davomi sifatida baholanmoqda. Ushbu dastur Eron bilan ishlayotgan xorijiy bank va kompaniyalarga sanksiya qo‘llash hamda Tehronning daromad manbalarini cheklashni ko‘zda tutadi.
BAA Eron bilan aloqalarni uzishini ma’lum qilgandi
Trampning bayonotidan bir kun oldin Birlashgan Arab Amirliklari Eron bilan barcha moliyaviy va iqtisodiy aloqalarni uzishini e’lon qilgan. BAA Mudofaa vazirligi Eron tomonidan mamlakat tomon ikki ballistik raketa uchirilganini, ularning har ikkisi dengizga qulaganini bildirgan edi.
Eron qurolli kuchlari esa Fors ko‘rfazi davlatlarini AQSh harbiylariga yordam bermaslikka chaqirgan va bunday yordamni dushmanlik harakati sifatida ko‘rishini ogohlantirgan.
Asosiy e’tibor Xitoyga ham qaratilishi mumkin
Tramp o‘z postida Xitoy nomini tilga olmadi. Biroq Xitoy kompaniyalari Eron neftining eng yirik xaridorlari qatorida turadi.
AQSh avvalroq Xitoydagi ayrim xususiy neftni qayta ishlash zavodlariga Eron nefti bilan aloqalari sabab sanksiyalar qo‘llagan.
Xitoy tomoni esa bunday sanksiyalarni xalqaro huquqqa zid deb baholagan. AQSh va Eron o‘rtasidagi keskinlik Hormuz bo‘g‘ozidagi transportga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Ushbu yo‘lak orqali dunyodagi neft va suyultirilgan tabiiy gaz tashuvlarining katta qismi o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron BAA tomon ikki raketa uchirgandi, Dubay aholisi esa ogohlantirilgani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, raketalarning biri BAA hududiy suvlari ichida urib tushirilgan, ikkinchisi esa hududiy suvlar tashqarisida dengizga qulagan.