Raqobat qo‘mitasi 11,7 mln iste’molchiga 399,3 mlrd so‘mni qayta hisobladi

eʼlon qilindi
2023-yildan 2026-yilning yetti oyiga qadar iste’molchilardan jami 137,8 mingta murojaat kelib tushgan
So‘m
Foto: Facebook/Sun’iy intellekt

Raqobat qo‘mitasi tomonidan ko‘rilgan choralar natijasida 11,7 mln nafar iste’molchidan ortiqcha undirilgan jami 399,3 mlrd so‘m ularning foydasiga qayta hisob-kitob qilindi.

Raqobat qo‘mitasiga 2023-yildan 2026-yilning yetti oyiga qadar iste’molchilardan jami 137,8 mingta murojaat kelib tushgan. Ular, asosan, uy-joy kommunal va transport xizmatlari, savdo, umumiy ovqatlanish, aloqa, moliya va ijtimoiy xizmatlar bilan bog‘liq bo‘lgan.

Murojaatlar soni yildan-yilga oshgan

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda 20,7 mingta, 2024-yilda 30,1 mingta, 2025-yilda 53,7 mingta murojaat qayd etilgan. 2026-yilning dastlabki yetti oyida esa iste’molchilardan 33,4 mingta murojaat kelib tushgan.

Murojaatlarning 68,3 mingtasi uy-joy kommunal va transport xizmatlariga, 39,4 mingtasi savdo va umumiy ovqatlanish sohasiga, yana 25,9 mingtasi aloqa, moliya va ijtimoiy xizmatlarga to‘g‘ri kelgan.

Qo‘mita tahliliga ko‘ra, murojaatlar sonining o‘sish sur’ati ayrim davrlarda 45–78 foizni tashkil qilgan.

116 mingdan ortiq murojaatlar ijobiy hal etilgan

So‘nggi uch yarim yildan ortiq davr mobaynida kelib tushgan murojaatlarning 116,1 mingtasi ijobiy hal qilingan. Qo‘mita ma’lumotida bu ko‘rsatkich 86,7% ekani qayd etilgan.

Murojaatlarning 73 foizi qanoatlantirilgan, 25 foizi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berilgan, yana 2 foizi vakolatli organlarga yuborilgan.

Shuningdek, iste’molchilarga murojaatlarni tez va qulay yuborish imkonini beruvchi «Iste’molchi murojaati» elektron platformasi ishga tushirilgan.

20 dan ortiq yo‘nalishlarda o‘rganishlar o‘tkazilgan

Qo‘mita kommunal xizmatlar, tibbiyot va farmatsevtika, savdo va maishiy xizmatlar, telekommunikatsiya, sug‘urta hamda moliyaviy xizmatlar kabi 20 dan ortiq yo‘nalishda o‘rganishlar olib borgan.

Natijada aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilgan va qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan ayrim subyektlarga nisbatan tegishli choralar qo‘llangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq qo‘mita yangi o‘quv yili arafasida maktab bozorlaridagi tadbirkorlardan maktab formalari va o‘quv anjomlari narxlarini asossiz oshirmaslikni so‘ragandi.

Shuningdek