Husanovning o‘rni nega o‘zgardi. Yangi murabbiy Abduqodirdan nima kutmoqda

20-avgust 2026 15:10 eʼlon qilindi

Muhammad Hodiyev

Muhammad Hodiyev

Muxbir
Foto: Mancity.com

O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Abduqodir Husanov yangi mavsum oldidan «Manchester Siti» safida yana o‘ng qanot himoyachisi sifatida ko‘rinish berdi. Bu ko‘plab nashrlar, jumladan, The Guardian’ning ham e’tiborini tortdi

O‘zbekistonlik futbolchi avval ham ushbu pozitsiyada o‘ynagan, biroq 2026/27 yilgi mavsum arafasida uning bu roldagi imkoniyatlari yana muhokamalar markazida qoldi. 

16-avgust kuni «Arsenal»ga qarshi Community Shield uchrashuvida Husanov «Manchester Siti»ning asosiy tarkibidan joy oldi va o‘ng qanot himoyachisi sifatida maydonga tushdi. Uchrashuvda shaharliklar 0:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi.

Husanov uchun yangi pozitsiya emas

Husanovning o‘ng qanotda o‘ynashi Enzo Mareska davrida paydo bo‘lgan yangilik emas.

2025-yil sentabrida «Manchester Siti»ning o‘sha paytdagi bosh murabbiyi Pep Guardiola Husanovni markaziy himoyada ham, o‘ng qanotda ham va uch himoyachili sxemada ham ishlatish mumkinligini aytgan. Klub Husanovning tezligi va jismoniy imkoniyatlarini ham uning muhim jihatlari qatorida sanagan.

Foto: Mancity.com

Hatto 2025/26 yilgi mavsumning dastlabki haftalarida Husanov bir qancha  uchrashuvlarda o‘ng qanot himoyachisi sifatida maydonga tushgan. «Manchester Siti»ning 2026-yil aprelidagi jurnalida ham futbolchi mavsumning dastlabki qismida aynan shu pozitsiyada yaxshi o‘yin ko‘rsatgani qayd etilgan.

Shuning uchun Husanovning o‘ng qanotga qaytishini uning asosiy pozitsiyasi o‘zgargani sifatida emas, balki yangi murabbiy undan foydalanishi mumkin bo‘lgan variantlardan biri sifatida ko‘rish to‘g‘riroq.

Mareska Husanovning tezligidan foydalanmoqchi

Husanovning asosiy ustunliklaridan biri – tezligi. «Manchester Siti» 2025-yil yanvarida futbolchini tanishtirar ekan, uning tezligini alohida kuchli jihat sifatida ko‘rsatgan. O‘sha paytda Pep Gvardiola ham Husanov bir nechta himoya pozitsiyalarida o‘ynay olishini ta’kidlagan.

O‘ng qanotdagi rol Husanovga, ayniqsa, tezlik talab qilinadigan vaziyatlarda qo‘l kelishi mumkin. U markaziy himoyachi sifatida ham, qanot himoyachisi sifatida ham jamoaga kerak bo‘lishi mumkin bo‘lgan universal futbolchiga aylanmoqda.

Bundan tashqari, «Manchester Siti» Husanov bilan shartnomani 2031-yilgacha uzaytirgani ham klub uning uzoq muddatli rejasidagi o‘rniga ishonayotganini ko‘rsatadi. Klub 2026-yil iyulida o‘zbekistonlik himoyachi bilan besh yillik yangi shartnoma imzolanganini rasman e’lon qilgan.

Community Shield nimani ko‘rsatdi

Arsenalga qarshi uchrashuv Husanovning yangi mavsumdagi roliga dastlabki signal berdi.

«Manchester Siti» 4-2-3-1 sxemasida maydonga tushdi. Husanov, Ruben Dias va Joshko Gvardiol uchlik himoyaning bir qismi bo‘ldi, biroq Husanov boshlang‘ich joylashuvda o‘ng qanotda turdi.

O‘yinning ikkinchi golida esa Husanovning joylashuvi alohida muhokama qilindi. Nashr tahlilida Kristos Tzolis Husanov ortidagi hududga chiqib ketgani, Kai Havertz esa Ruben Diasdan uzoqlashgani qayd etilgan. Nashr Husanov odatda o‘ng qanotda o‘ynamasligini, biroq avval ham ushbu rolda maydonga tushganini ta’kidlagan.

«Manchester Siti» uchun o‘ng qanot muammosi

«Arsenal»ga qarshi uchrashuvdan keyin «Manchester Siti»ning aynan o‘ng qanotidagi himoya tuzilmasi muammoli jihatlardan biri sifatida ko‘rsatildi.

Nashr jamoaning o‘ng tomonida Antuan Semenyo hujumda yetarlicha faol bo‘lmaganini, Elliot Anderson esa «Arsenal»ning chap qanotdagi Rikkardo Kalafiori oldinga chiqishlarini to‘xtatishda qiynalganini yozdi.

Demak, Husanovning o‘ng qanotda qo‘llanishi faqat uning individual imkoniyatlari bilan bog‘liq emas. «Manchester Siti» yangi murabbiy qo‘l ostida himoyadagi optimal tuzilmani ham izlamoqda.

Husanov markaziy himoyachi bo‘lib qoladimi

Hozircha Husanov markaziy himoyachi maqomini yo‘qotdi, deyish uchun asos yo‘q.

Aksincha, «Manchester Siti» uni 2031-yilgacha klubda olib qolish orqali unga uzoq muddatli ishonch bildirdi. Klubning o‘zi Husanovni 2025/26 yilgi mavsumda tarkibning eng ishonchli futbolchilaridan biriga aylanganini qayd etgan.

Shu bilan birga, uning o‘ng qanotda o‘ynay olishi Mareska uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi. Murabbiy bir futbolchi yordamida ikki xil muammoni hal qilish imkoniyatiga ega: markazda himoya chuqurligini saqlab qolish va zarurat tug‘ilganda o‘ng qanotni yopish.

Endi asosiy sinov – Premyer-liga

«Manchester Siti» 2026/27 yilgi Premyer-liga mavsumini 23-avgust kuni «Bornmut»ga qarshi uy uchrashuvi bilan boshlaydi. Bu Enzo Mareska jamoasi uchun Community Shield’dagi 0:3 mag‘lubiyatdan keyingi ilk liga sinovi bo‘ladi.

Husanovning aynan qaysi pozitsiyada boshlashi esa Mareskaning unga bo‘lgan ishonchi va «Siti»ning o‘ng qanotdagi muammosini qanday hal qilishni rejalashtirayotganini ko‘rsatishi mumkin.

Avvalroq UEFA litsenziyasiga ega murabbiylar tahlilini e’lon qiladigan nashr o‘zbekistonlik futbolchini «Arsenal»ga qarshi o‘yinda asosiy  dastlabki ikki golga asosiy aybdorlardan biri sifatida ko‘rsatgan edi.

Shuningdek