O‘zbekistonda aholining moliyaviy ommaboplik darajasi 59 ballni tashkil etdi

O‘zbekistonda 16 yoshdan katta aholining moliyaviy ommaboplik indeksi 59 ball, kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlariniki esa 49 ballni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkichlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2025-yil uchun ilk milliy Moliyaviy ommaboplik indeksining pilot hisob-kitoblarida qayd etilgan.
Indeks aholining hamda tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy tizimga qay darajada integratsiyalashganini baholaydi. Bunda moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatining mavjudligi, ulardan foydalanish darajasi va xizmatlar sifati hisobga olinadi.
Aholida imkoniyat bor, ammo foydalanish faolligi yetarli emas
Katta yoshli aholi bo‘yicha moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatining mavjudligi 62 ball, xizmatlardan foydalanish darajasi 51 ball, xizmatlarning sifati esa 64 ball bilan baholangan. Umumiy indeks 59 ballni tashkil etgan.
Markaziy bank baholashiga ko‘ra, aholida asosiy moliyaviy xizmatlardan foydalanish uchun zarur imkoniyatlar shakllangan. Biroq bu imkoniyatlar hali xizmatlardan muntazam va faol foydalanishga to‘liq o‘tmagan. Shu sababli keyingi bosqichda xizmatlardan foydalanish darajasi va sifatini oshirish muhim yo‘nalish sifatida belgilanmoqda.

Aholining 86 foizi bank hisobvarag‘iga ega. Bank kredit hisobvarag‘iga ega bo‘lgan katta yoshli aholi ulushi 20 foizni tashkil etadi.
Shuningdek, aholining jamg‘arma yoki muddatli hisobvaraqlardan foydalanishi ancha past: mamlakat bo‘yicha bu ko‘rsatkich 4 foizni tashkil qiladi.
Biznesda moliyaviy ommaboplik 49 ball
Kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy ommaboplik indeksi 49 ball bilan baholangan. Hisobotda bu natija moliyaviy ommaboplikning shakllanayotgan bosqichiga mos kelishi qayd etilgan.
Biznes uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatining mavjudligi 39 ball, ulardan foydalanish darajasi 64 ball, xizmatlarning sifat darajasi esa 43 ballni tashkil etgan, ya’ni moliyaviy tizim bilan qamrab olingan korxonalar xizmatlardan nisbatan faol foydalanmoqda. Biroq tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy xizmatlar bilan qamrovi va xizmatlar sifati asosiy cheklovchi omillar bo‘lib qolmoqda.

Korxonalarning qariyb 68 foizi kredit axboroti tizimida qayd etilgan
Kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlarining kredit byurosida – KATMda qayd etilganlari ulushi taxminan 68 foizni tashkil etadi. Hisobotga ko‘ra, bu biznesning bank tizimiga keng jalb etilganini va tadbirkorlik subyektlari bo‘yicha kredit axboroti bazasi sezilarli darajada shakllanganini ko‘rsatadi.
Biroq to‘lov xizmatlari bo‘yicha vaziyat ancha murakkab. Kichik va o‘rta biznesda to‘lov xizmatlaridan foydalanish imkoniyati indeksi 19 ball bo‘lgan. Bu raqamli to‘lov vositalari va naqdsiz to‘lovlarni qabul qilish imkoniyatlari hali keng tarqalmaganini ko‘rsatadi.
Ayollarning moliyaviy ommabopligi 72 ball
Hisobotda ayollar uchun alohida ko‘rsatkich ham hisoblangan. Ayollar ishtiroki bo‘yicha moliyaviy ommaboplik indeksi 72 ballni tashkil etdi.
Voyaga yetgan ayollarning 86 foizi bank hisobvarag‘iga ega, bu katta yoshli aholi bo‘yicha umumiy ko‘rsatkichga teng. Biroq kreditlardan foydalanishda tafovut saqlanib qolmoqda: bank kredit hisobvarag‘iga ega ayollar ulushi 19 foiz, katta yoshli aholi bo‘yicha umumiy ko‘rsatkich esa 20 foiz.
Avvalroq Markaziy bank tijorat banklarining mijozlar murojaatlari bilan ishlash tartibiga o‘zgartirish kiritgani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, banklar nafaqat alohida qoidabuzarliklarni, balki ularni keltirib chiqargan tizimli kamchiliklar va sabablarni ham bartaraf etishi kerak bo‘ladi.