Shovqindan qo‘rqmang: poytaxt osmonida bir necha kun laboratoriya samolyoti parvoz qiladi

20-avgustdan Toshkent shahri uzra laboratoriya havo kemasi ishtirokida rejali parvoz tekshiruvlari boshlandi. Bu haqda «O‘zaeronavigatsiya» markazi xabar berdi.
Tekshiruvlar markaz tomonidan fuqaro aviatsiyasida qo‘llaniladigan radiotexnik vositalarning belgilangan talablarga muvofiqligini baholash uchun tashkil etilmoqda.
Samolyot past balandlikda uchadi
Tekshiruvlarda Avia Navigatsiya kompaniyasining Diamond laboratoriya samolyotidan foydalanilmoqda. Havo kemasi Toshkent uzra taxminan 1000 metr balandlikda parvoz qilishi mumkin.
Samolyot ayrim hududlar ustidan bir necha marta uchib o‘tadi, turli yo‘nalishlarda harakatlanadi va odatdagidan farqli manyovrlarni amalga oshirishi mumkin. Ayrim parvozlar olti soatgacha davom etadi.
Aholi xavotirga tushmasligi kerak
Mutasaddilarga ko‘ra, bunday parvozlar havo kemalarining xavfsiz va muntazam harakatini ta’minlash uchun o‘tkaziladigan standart tekshiruvlarning bir qismidir.
Shu sababli poytaxt aholisi samolyotning pastlab uchishi, bir hudud ustida takroran ko‘rinishi yoki shovqinini eshitishidan xavotirlanmasligi kerak.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQShda harbiy vertolyot qulashi oqibatida ikki askar halok bo‘lgani haqida yozgandi.