Tadbirkorlar norozi: hokimlik dizayn-kod bo‘yicha yondashuvini qayta ko‘rib chiqdi

Toshkent hokimligi dizayn-kodni joriy etish bo‘yicha yondashuvini qayta ko‘rib chiqdi. Bunga tadbirkorlar tomonidan bildirilgan, jumladan, tanqidiy fikr-mulohazalar sabab bo‘lgan. Bu haqda hokimlikning Telegram-kanalida xabar berildi.
Hokimlik bundan buyon asosiy e’tibor tadbirkorlar bilan ochiq muloqot qilish, talablarni tushunarli tarzda yetkazish va yuzaga keladigan masalalarni individual ko‘rib chiqishga qaratilishini ma’lum qildi.
3 228 ta tadbirkorlik subyekti qamrab olingan
11-maydan 26-iyulgacha poytaxtning 56 ta ko‘chasida dizayn-kodni joriy etish ishlari olib borildi. Jarayon jami 3 228 ta tadbirkorlik subyektini qamrab oldi.
O‘zgarishlar bevosita ta’sir qilgan tadbirkorlarning fikrini o‘rganish uchun Toshkent shahar hokimligi Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda so‘rovnoma o‘tkazdi.
So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, ayrim holatlarda dizayn-kod talablari, hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi va bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar ketma-ketligi tadbirkorlarga o‘z vaqtida va yetarlicha tushunarli izohlanmagan.
Hokimlik ushbu e’tirozlarni o‘rinli deb topgan va kelgusidagi ishlarida ularni hisobga olishini bildirgan.
509 ta tadbirkor fasadini yangiladi
Hozirga qadar 509 nafar tadbirkor o‘z binosi fasadini yangilagan. Yana 2 627 nafari ishlarni yakunlamoqda.
Qolgan masalalar tuman hokimliklari va mas’ul tashkilotlar bilan birgalikda individual tartibda ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, «Toshkent invest kompaniyasi» AJ, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti ekspertlari ishtirokida 18 ta reklama-ishlab chiqarish kompaniyasi mutaxassislarining malakasi oshirilgan.
Hokimlikning ta’kidlashicha, dizayn-kodni joriy etishdan maqsad faqat fasadlarni yagona talablarga moslashtirish emas. Jarayon tadbirkorlar uchun tushunarli va adolatli tashkil etilishi, shu bilan birga, poytaxt qiyofasini yaxshilashi kerak.
Avvalroq Samarqandda tashqi reklamalarni tartibga solish uchun yagona dizayn-kod joriy etilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.