Ronalduning futbolkasi Messinikidan ancha arzonga sotildi

Lionel Messi va Krishtianu Ronalduning futbolkalari bir auksionda sotildi. Yakunda argentinalik futbolchining 2012-yilda «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘yinda kiygan futbolkasi portugaliyalik yulduznikidan qariyb 6 baravar qimmatga sotildi. Bu haqda Talksport nashri xabar berdi.
Messining «Barselona»dagi futbolkasi 48 608 funt sterlingga (784 mln so‘mdan ortiqroq) sotilgan. Ronaldu esa «Real Madrid»da o‘ynagan davrida kiygan futbolkasi uchun 7 795 funt sterling (125 mln so‘m atrofida) taklif qilingan.
Messi futbolkasini «Manchester Yunayted» xodimi olgan
Messi futbolkasi «Manchester Yunayted»ning sobiq massajchisi Rod Tornley kolleksiyasidan joy olgan edi. U futbolkani 2012-yil avgustida jamoalar o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvidan keyin Messining o‘zidan olgan.

«Barselona» va «Manchester Yunayted» o‘rtasidagi o‘sha uchrashuv 0:0 hisobida yakunlangan.
Tornley futbolkani olish uchun «Barselona» futbolchisi Jerar Pike bilan oldindan bog‘langan. Uchrashuvdan so‘ng Pike uni «Barselona» kiyinish xonasiga olib kirgan.
Messi futbolkasini o‘zi yechib, Tornleyga imzo qo‘yib bergan.

Ronalduning futbolkasi arzonga ketdi
Auksionda Krishtianu Ronalduning «Real Madrid»dagi davriga tegishli futbolkasi ham sotuvga qo‘yilgan.
Biroq uning yakuniy narxi 7 795 funt sterlingni tashkil qilgan. Bu Messi futbolkasi narxidan 40 813 funt sterlingga kam.
Shu tariqa ushbu auksionda Messi futbolkasi Ronaldu futbolkasidan 6,2 baravar qimmatga sotilgan.
Auksionni «Manchester Yunayted»da ko‘p yillar ishlagan Rod Tornley o‘zining futbol kolleksiyasi doirasida tashkil qilgan. Unda Devid Bekxem, Rayan Giggs, Pol Skoulz, Gari Nevill va boshqa sobiq futbolchilarning futbolkalari ham sotuvga qo‘yilgan.
Avvalroq portugaliyalik futbolchi Krishtianu Ronalduning Lionel Messining Instagram’dagi postiga yozgan izohi platforma tarixidagi eng ko‘p layk to‘plagan kommentga aylangani haqida xabar berilgandi.