Bitkoin qariyb olti oy ichidagi eng yuqori sur’atda o‘sdi

Bitkoin narxi AQSh Moliya vazirligining obligatsiyalar bozoridagi harakatlari va Oq uyda kriptoindustriya vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuv fonida keskin ko‘tarildi. 20-avgust kuni eng yirik kriptovalyuta 6,2 foizga qimmatlab, $72,6 mingga yetdi.
Bitkoin ikki kunda 12 foizga qimmatlashdi
The Wall Street Journal ma’lumotiga ko‘ra, bu 4-martdan buyon kuzatilgan eng katta bir kunlik o‘sish bo‘ldi. Bitkoin oxirgi marta $70 mingdan yuqori darajada iyun boshida savdolashgan edi.
CNBC qayd etishicha, so‘nggi ikki kun ichida kriptovalyuta qariyb 12 foizga qimmatlashdi. Shunga qaramay, Bitkoin hali ham 2025-yil oktabrida qayd etilgan qariyb $126 minglik tarixiy maksimumidan 40 foizga past darajada turibdi.
Bitkoin nima sababdan qimmatlashdi
Bozordagi o‘sishga AQSh moliya vaziri Skott Bessentning uzoq muddatli davlat obligatsiyalarini ko‘proq sotib olish rejasi ham turtki berdi.
Bu choralar qarz olish xarajatlarini vaqtincha pasaytirdi. Bunday vaziyat odatda Bitkoin kabi yuqori riskli aktivlar uchun ijobiy hisoblanadi. Reuters yozishicha, AQSh Moliya vazirligining harakatlari kriptovalyuta bozori uchun ijobiy signal sifatida qabul qilindi.
Bitkoin ortidan kriptoindustriyaga aloqador kompaniyalar aksiyalari ham qimmatlashdi. Coinbase aksiyalari chorshanba kuni 9 foizga o‘sgach, payshanba kuni yana 7 foizdan ko‘proq oshdi. Circle aksiyalari 6,4%, Strategy qimmatli qog‘ozlari esa 7,8 foizga ko‘tarildi.
FxPro bosh bozor tahlilchisi Aleks Kupsekevichning fikricha, kriptovalyutalardagi keskin o‘sishga bir necha hafta davom etgan tor savdo diapazonidan keyin investorlarning qisqa pozitsiyalarni yopishi ham sabab bo‘lgan.
Trampning bayonoti ham bozorni qo‘llab-quvvatladi
Yana bir muhim omil AQSh prezidenti Donald Trampning kriptovalyutalar bo‘yicha qonunchilikni tezlashtirishga chaqirishi bo‘ldi.
19-avgust kuni Tramp yetakchi kriptokompaniyalar rahbarlari bilan uchrashib, Kongressni Clarity Act qonun loyihasini qabul qilishga chaqirdi.
U.S. Tiger Securities tahlilchisi Bo Peyning fikricha, Trampning bayonotlari Oq uy Kongressga ushbu qonun loyihasini qabul qilish bo‘yicha bosimni kuchaytirayotganini ko‘rsatadi.
Clarity Act nimani o‘zgartiradi
Clarity Act qabul qilinsa, AQShda kriptovalyutalarning huquqiy maqomi aniqroq belgilanadi.
Xususan, ayrim kriptoaktivlar qimmatli qog‘oz yoki tovar sifatida tasniflanishi aniqlashtiriladi. Shuningdek, kriptovalyuta bozorini nazorat qilish vakolatlari AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasi – SEC hamda Tovar fyucherslari savdosi komissiyasi – CFTC o‘rtasida taqsimlanadi.
Bozor ishtirokchilari uchun bunday aniqlik kriptovalyuta sektori bo‘yicha tartibga solishdagi noaniqliklarni kamaytirishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) tomonidan Unex Payments kompaniyasiga kriptodo‘kon faoliyatini yuritish uchun litsenziya berilgandi. Shu tariqa kompaniya O‘zbekistonda rasman faoliyat yuritayotgan 13-kriptodo‘konga aylandi.