«O‘zbekiston — 2030»: iqtisodiy o‘sish yo‘nalishida 21 ta ko‘rsatkich kechikmoqda

eʼlon qilindi
Eng ko‘p kechikish «Barqaror iqtisodiy o‘sish» yo‘nalishida qayd etilgan
«O‘zbekiston — 2030»: iqtisodiy o‘sish yo‘nalishida 21 ta ko‘rsatkich kechikmoqda
Foto: Muhammad Hodiyev / Kursiv Uzbekistan

«O‘zbekiston — 2030» strategiyasining 2026-yil I yarim yillik yakunlari yuzasidan 21-avgust kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida strategiya ijrosidagi ayrim kechikishlar haqida ma’lum qilindi, deya xabar beradi Kursiv Uzbekistan muxbiri.

Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi taqdim etgan monitoring natijalariga ko‘ra, 2026-yil I yarim yilligida 72 ta tashkilotning 437 ta samaradorlik ko‘rsatkichi monitoring qilingan. Shundan 206 tasi baholangan.

Natijalarga ko‘ra, 162 ta ko‘rsatkich «yashil», 35 tasi «sariq», 9 tasi esa «qizil» toifaga kiritilgan.

Eng ko‘p kechikish «Barqaror iqtisodiy o‘sish» yo‘nalishida qayd etilgan. Mazkur yo‘nalishda 21 ta ko‘rsatkichda kechikish kuzatilgan bo‘lib, ular jami «sariq» ko‘rsatkichlarning 60 foizini tashkil qiladi.

Shuningdek, strategiyaning «Barqaror iqtisodiy o‘sish» yo‘nalishi I yarim yillik natijalari bo‘yicha 70 foizlik ko‘rsatkich bilan boshqa yo‘nalishlar orasida eng past natijani qayd etgan.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, 8 ta vazirlik va idoraga tegishli 9 ta ko‘rsatkich «qizil» toifaga kiritilgan. Ularning I yarim yillikdagi ijro darajasi 4 foizdan 69 foizgacha bo‘lgan.

Agentlik muammoli ko‘rsatkichlar bo‘yicha yil yakunigacha ularni to‘liq bajarishni ta’minlash uchun kechikish sabablarini chuqur tahlil qilish, qo‘shimcha resurs va ekspert yordamini jalb etish hamda mas’ul tashkilotlar tomonidan alohida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilishini belgilagan.

Qayd etilishicha, «O‘zbekiston — 2030» strategiyasining 2026-yil I yarim yillik monitoringi Strategik rejalashtirish va rivojlanishning raqamli platformasi orqali 72 ta tashkilot kesimida amalga oshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy Osiyo mintaqasidagi besh davlatning jami yalpi ichki mahsuloti qariyb $543 mlrdga baholanayotgani xabar qilingandi. Mintaqa iqtisodiyotida eng katta ulush Qozog‘istonga to‘g‘ri keladi – mamlakat YAIM hajmi qariyb $306 mlrdni tashkil etadi. Qozog‘iston hissasiga Markaziy Osiyo iqtisodiyotining qariyb 56 foizi to‘g‘ri keladi.

Shuningdek