O‘zbekiston davlat idoralariga kiberhujumlar uyushtirilgani aytilmoqda

Ruminiyaning kiberxavfsizlik kompaniyasi Bitdefender Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz davlatlari hukumat tizimlariga qarshi qaratilgan yangi kiberjosuslik kampaniyasini aniqladi.
O‘zbekiston ham nishonlar qatorida
SilkParasite deb nomlangan operatsiya O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistondagi davlat idoralariga qarshi yo‘naltirilgani aytilmoqda. Xususan, iqtisodiy qarorlar qabul qiluvchi davlat tashkilotlari hujumlarning asosiy nishoni bo‘lgan.
Bitdefende mutaxassislari mazkur kampaniya izlarini ilk bor 2025-yil oktabrida aniqlagan. O‘sha paytda Markaziy Osiyodagi davlat organlaridan birining tizimida shubhali zararli dastur topilgan.
Soxta hujjatlar orqali tizimga kirilgan
Xakerlar davlat idoralari nomidan tayyorlangan soxta Microsoft Office hujjatlaridan foydalangan. Bunday fayllar maqsadli fishing xatlari orqali yuborilgan.
Ayrim zararli hujjatlar parol bilan himoyalangan RAR-arxivlarga joylashtirilgan. Parol esa elektron xatning o‘zida ko‘rsatilgan. Hujjat ochilgach, zararli dastur tizimga yuklangan.
Tadqiqotchilar ayrim hujjatlar muayyan vazirliklar nomidan yuborilgandek qilib tayyorlanganini aniqlagan.
Sun’iy intellektdan ham foydalanilgan
Bitdefender laboratoriyasi xakerlar foydalangan zararli dasturlarning ayrim qismlari sun’iy intellekt yordamida yozilgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatuvchi belgilarni aniqlagan.
Zararli dastur modulli tuzilishga ega bo‘lib, kerakli funksiyalarni keyinchalik yuklab olish imkonini bergan. Bu esa hujumchilarga tizimda uzoq vaqt yashirin faoliyat yuritish va o‘z izlarini kamaytirish imkonini bergan.
Asosiy maqsad — strategik ma’lumotlar
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, iqtisodiy va siyosiy qarorlarni shakllantiruvchi davlat organlari xorijiy kiberrazvedka uchun muhim nishon hisoblanadi.
Shu sababli kampaniyaning asosiy maqsadi nafaqat tizimlarga kirish, balki davlat tashkilotlaridagi strategik va iqtisodiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritish bo‘lishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan FBI direktorining shaxsiy elektron pochtasi xakerlar hujumiga uchragani haqida yozgandi.