Elektron tijorat operatorlari uchun yangi tartib joriy etildi

Elektron savdo platformalari, buyurtmalar agregatorlari va raqamli striming xizmatlari operatorlari faoliyatini boshlash va tugatish tartibi belgilandi. Yangi nizom 2026-yil 19-avgust kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Faoliyatni boshlash uchun xabarnoma yuboriladi
Yangi tartibga ko‘ra, elektron tijorat operatorlari faoliyatini boshlashdan oldin Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga elektron xabarnoma yuborishi kerak.
Buning uchun yuridik shaxslar maxsus axborot tizimidan OneID orqali foydalanadi. Xabarnomani kun-u tun, jumladan dam olish va bayram kunlarida ham yuborish mumkin.
Qo‘shimcha hujjatlar talab qilinmaydi
Xabarnoma uchun zarur ma’lumotlar va hujjatlar elektron shaklda taqdim etiladi. Nizomda ko‘rsatilmagan qo‘shimcha hujjatlarni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Agar operator belgilangan talab va shartlarni buzsa, vakolatli organ uning faoliyatini 10 ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatga to‘xtatib turishi mumkin.
Kamchiliklar bartaraf etilgach, taqdim etilgan ma’lumotlar 5 ish kuni ichida tahlil qilinadi. Shu muddatda faoliyatni qayta tiklash yoki rad etish haqida qaror qabul qilinmasa, operator faoliyati qayta tiklangan hisoblanadi.
Faoliyatni tugatish soddalashtiriladi
Operator o‘z faoliyatini ixtiyoriy ravishda tugatmoqchi bo‘lsa, buning uchun shaxsiy kabinet orqali elektron xabarnoma yuborishi kifoya. Boshqa qo‘shimcha hujjatlar talab qilinmaydi.
Elektron tijorat operatorlari faoliyati masofaviy monitoring, joyiga chiqqan holda tekshirish, shuningdek statistik va boshqa axborotlarni tahlil qilish orqali nazorat qilinadi.
Operatorlar haqidagi ma’lumotlar maxsus xabarnomalar reyestriga kiritiladi. Reyestrdagi ma’lumotlar vakolatli organning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi va ochiq hisoblanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan elektron tijorat operatorlari o‘z faoliyatidagi mahsulot xavfsizligiga javobgar bo‘lishi haqida yozgandi.