OTMlardagi vakant o‘rinlarga qo‘shimcha tanlov boshlandi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Ro‘yxatdan o‘tish 28-avgustgacha davom etadi
41 foiz abituriyent o‘tish ballini yig‘a olmadi
Foto: Facebook

Oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat yo‘nalishlariga kirish imtihonlarida 56,7 va undan yuqori ball to‘plagan, biroq talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar vakant o‘rinlar uchun qo‘shimcha tanlovda qatnashishi mumkin. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tish 22-avgustdan 28-avgustgacha davom etadi.

Kimlar qo‘shimcha tanlovda qatnasha oladi

Qo‘shimcha tanlovda kirish imtihonlarida belgilangan minimal 56,7 ball va undan yuqori natija qayd etgan, ammo talabalikka tavsiya qilinmagan abituriyentlar qatnashishi mumkin.

Shuningdek, ro‘yxatdan o‘tishning ikkinchi bosqichida oliy ta’lim tashkiloti va bakalavriat yo‘nalishini tanlamagan abituriyentlarga ham qo‘shimcha imkoniyat beriladi.

Bunda abituriyent faqat fanlar majmuasi va ta’lim tili o‘z natijalariga mos bo‘lgan, vakant o‘rinlari mavjud yo‘nalishlarni tanlashi mumkin.

Ro‘yxatdan o‘tish 28-avgustgacha davom etadi

Abituriyentlar 2026-yil 22 – 28-avgust kunlari (28-avgust kuni ham) Bilim va malakalarni baholash agentligining my.uzbmb.uz platformasi orqali qo‘shimcha tanlov uchun ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.

Ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar vakant o‘rinlarga to‘plagan ballari ketma-ketligiga qat’iy rioya qilingan holda saralanadi.

Qabul bazaviy kontrakt asosida bo‘ladi

Qo‘shimcha tanlov natijasida tavsiya etilgan abituriyentlar bazaviy to‘lov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilinadi.

Tanlov yakunlangach, Bilim va malakalarni baholash agentligi tegishli tanlov qaydnomalarini shakllantirib, oliy ta’lim tashkilotlariga taqdim etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq abituriyentlarga o‘z o‘rni va to‘liq ro‘yxatni ko‘rishi imkoniyati yaratilgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek