10-sinf o‘quvchilarini texnikumlarga o‘tkazish bo‘yicha yangi tartib tasdiqlandi

eʼlon qilindi
Murojaatlar Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali yuboriladi
Yangi tashkil etilgan Soliq oliy maktabiga qabul joriy yildan boshlanadi
Foto: Bilimni baholash agentligi

O‘zbekistonda kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘quvchilarining o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash, shuningdek, maktablarning 10-sinf o‘quvchilarini texnikumlarga o‘tkazish bo‘yicha yangi tartib tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Yangi tartibga ko‘ra, kasbiy ta’lim tashkilotlarida o‘qishni ko‘chirish yoki qayta tiklash uchun fuqarolar har yili 1-avgustdan 20-avgustgacha murojaat qilishi mumkin.

Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining 10-sinf o‘quvchilarini texnikumlarga ko‘chirish bo‘yicha arizalar esa har yili 28-dekabrdan 17-yanvargacha qabul qilinadi. Murojaatlar Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali yuboriladi.

Arizalar 10 kun ichida ko‘rib chiqiladi

Vakolatli organ ariza topshirish muddati tugaganidan keyin 10 kun ichida murojaat va taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqadi.

Agar hujjatlar reglament talablariga mos bo‘lsa, o‘qishni ko‘chirish yoki qayta tiklash to‘g‘risida tegishli xulosa rasmiylashtiriladi.

Dual ta’limga ko‘chirishga ruxsat berilmaydi

Boshqa ta’lim shaklidan texnikumlardagi dual ta’lim shakliga o‘qishni ko‘chirish mumkin emas.

Shuningdek, maktablarning 10-sinf o‘quvchilarini ham texnikumlarning dual ta’lim shakliga o‘tkazishga ruxsat berilmaydi.

Noto‘g‘ri ma’lumot bo‘lsa, qayta murojaat qilish mumkin

Agar vakolatli organ rasmiylashtirgan xulosada noto‘g‘ri ma’lumotlar aniqlansa, ariza beruvchi 15 kun ichida belgilangan tartibda qayta murojaat qilish huquqiga ega.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq texnikum rahbarlariga menejerlik sertifikati berish tartibi belgilangandi. Unga ko‘ra, o‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan rahbarlarga davlat namunasidagi menejerlik sertifikati elektron shaklda beriladi. Hujjat elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadi va QR-kodga ega bo‘ladi.

Shuningdek