Shavkat Mirziyoyev Toqayevga maktub yo‘lladi

eʼlon qilindi
O‘zbekiston yetakchisi Qozog‘iston prezidentini samimiy qutlagan
Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayevga mamlakatning yangilangan parlamenti — Qurultoyga saylovlar muvaffaqiyatli o‘tkazilgani munosabati bilan tabrik maktubi yo‘lladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi

O‘zbekiston rahbari saylovlar xalqaro standartlar va demokratik tamoyillar asosida o‘tkazilganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, ushbu voqea Qozog‘iston siyosiy tizimini takomillashtirish, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va parlament rolini kuchaytirishda yangi bosqichni boshlab berdi.

Toqayevning islohotlari e’tirof etildi

Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston fuqarolarining saylovlardagi faol ishtiroki prezident Qasim-Jomart Toqayev rahbarligida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy va ijtimoiy-siyosiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashning muhim ko‘rsatkichi ekanini qayd etdi.

Ushbu islohotlar Qozog‘istonning barqaror rivojlanishini ta’minlash, mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi va ta’sirini oshirishga qaratilgani ta’kidlandi.

O‘zbekiston prezidenti Qozog‘istonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlarni yuqori baholab, qardosh qozoq xalqining taraqqiyotidan mamnun ekanini bildirdi.

Parlamentlararo hamkorlik rivojlantiriladi

Maktubda O‘zbekiston va Qozog‘iston parlamentlari o‘rtasidagi yaqin hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligi ham qayd etildi.

Shavkat Mirziyoyev parlamentlararo aloqalar ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari ruhida yangi sifat bosqichiga ko‘tarilishiga ishonch bildirdi.

Yakunda O‘zbekiston prezidenti Qasim-Jomart Toqayevga mustahkam sog‘lik, farovonlik va davlat faoliyatida muvaffaqiyatlar, Qozog‘iston xalqiga esa tinchlik va ravnaq tiladi.

Avvalroq Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Qozog‘istonga borgani va Baris Arena muz saroyida o‘tkazilgan «Kelajak o‘yinlari» uchinchi xalqaro musobaqasining ochilish marosimida qatnashgani haqida xabar berilgandi. 

Shuningdek