O‘zbekiston Ozarbayjon bilan benzin va aviayonilg‘i ishlab chiqarishi mumkin

eʼlon qilindi
Neft mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqarish taklif qilindi
Rossiyaning benzin eksportiga qo‘ygan taqiqi O‘zbekistonga taalluqli emas
Foto: Unsplash

O‘zbekiston va Ozarbayjon energetika sohasida yangi hamkorlik yo‘nalishlarini ko‘rib chiqmoqda. Ular orasida avtomobil benzini va aviayonilg‘ini birgalikda ishlab chiqarish, shuningdek, Ozarbayjonda qurilayotgan yangi neftni qayta ishlash zavodiga O‘zbekistonning hamkor sifatida qo‘shilishi masalasi bor. Bu haqda energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Neft mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqarish taklif qilindi

Sherzod Xo‘jayevning aytishicha, ikki davlat energetika sohasida bir nechta yo‘nalishda hamkorlik qilmoqda.

«Birinchisi, Ustyurt platosida uglevodorodlarni qazib olish, yana bir yo‘nalish O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan «yashil energiya»ni Qozog‘iston bilan hamkorlikda Ozarbayjon bilan qo‘shilgan holda Yevropaga yetkazib berish. Bugun taklif etilgan yo‘nalishlardan biri bu O‘zbekistonda va Ozarbayjonda hamkorlikda neft mahsulotlarini ishlab chiqarish, O‘zbekiston ehtiyojlari uchun avtomobil yonilg‘isi aviayonilg‘ini ishlab chiqarish. O‘zbekistondagi neftni qayta ishlash zavodlarida va Ozarbayjonda yangi qurilayotgan neftni qayta ishlash zavodiga hamkor sifatida qo‘shilish va keyinchalik u yerda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning bir qismini O‘zbekistonga olib kelish taklif qilindi», – dedi vazir.

O‘zbekiston ichki bozorini yonilg‘i bilan ta’minlash ko‘zda tutilmoqda

Vazirning fikricha, bunday hamkorlik O‘zbekiston ichki bozorini neft mahsulotlari bilan barqaror ta’minlashga yordam berishi mumkin.

Bunda Ozarbayjonda ishlab chiqarilgan mahsulotning bir qismini O‘zbekistonga yetkazib berish imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq qaysi Ozarbayjon kompaniyalari O‘zbekistonga kirayotgani haqida xabar berilgandi. 23-avgust kuni Toshkentda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev loyihalarning ochilish hamda tamal toshi qo‘yish marosimlarida onlayn formatda ishtirok etdi.

Shuningdek