«Xayr, Buxoro». Aliyev va ayoli Ozarbayjonga qaytib ketdi

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning Oʻzbekistonga davlat tashrifi doirasidagi tadbirlar yakunlandi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasidagi tadbirlar yakunlandi. Tashrifning so‘nggi kuni O‘zbekiston va Ozarbayjon prezidentlari Buxoroda uchrashdi.
Bir kun avval Toshkentda Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev tor doirada muzokara o‘tkazgan, shuningdek, Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgandi.
Uchrashuvlar yakunida Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma va boshqa qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi. Shuningdek, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga start berildi.
Ikki davlat rahbarlari O‘zbekiston va Ozarbayjonning oliy davlat mukofotlari bilan ham taqdirlandi.
Yangi Toshkentdagi loyihalar bilan tanishildi
Davlat tashrifi davomida Ilhom Aliyev Yangi Toshkent loyihasi bilan tanishdi.
Shuningdek, prezidentlar Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetining yangi kampusini ochish hamda Yangi Toshkent hududida «Ozarbayjon» bog‘ini barpo qilish ishlarini boshlash marosimlarida qatnashdi.
Prezidentlar Buxoroda tarixiy obidalarni tomosha qildi
24-avgust kuni sammit Buxoroda davom etdi. Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev rafiqalari bilan birga qadimiy shaharning tarixiy obidalarini tomosha qildi.
Oliy martabali mehmonlarga Buxoro viloyatining raqamlashtirish, yengil sanoat va elektrotexnika sanoati kabi yo‘nalishlardagi salohiyati haqida ma’lumot berildi.
Tadbirlar yakunlangach, Buxoro xalqaro aeroportida Ilhom Aliyev va uning rafiqasi Shavkat Mirziyoyev va Ziroat Mirziyoyeva tomonidan kuzatib qo‘yildi.
Shu bilan Ozarbayjon Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi yakunlandi. Shavkat Mirziyoyev esa Buxorodagi tashrif dasturini tugatib, Toshkentga yo‘l oldi.
Avvalroq O‘zbekiston birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva va Ozarbayjon birinchi xonimi Mehribon Aliyeva Toshkentdagi «Oxun Guzar» shourumiga tashrif buyurib, o‘zbek xalqining to‘y va oilaviy marosimlariga oid an’analar bilan tanishgandi.