Eronda benzin narxi keskin oshishi mumkin

Eron hukumatining iqtisodiyoti og‘ir ahvolda qolayotgan bir paytda mamlakatda yonilg‘i narxini yana oshirish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar narxi allaqachon keskin oshgan, avvalgi yonilg‘i narxlari ko‘tarilishi esa mamlakatda noroziliklarga sabab bo‘lgan. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.
Eronning 93 mln aholisi uchun katta miqdorda subsidiyalanadigan yonilg‘i ajratish hukumatga og‘irlik qilmoqda. Bunga AQShning Eron portlariga nisbatan bosimi va urushning iqtisodiyotga ta’siri ham qo‘shilgan.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi Eron yalpi ichki mahsuloti 2026-yilda 5,4 foizga qisqarishini prognoz qilmoqda.
Narxning oshishiga Eron aholisi qarshi
Mamlakatda benzin narxining oshirilishi avval ham noroziliklarga olib kelgan. Xususan, 2019-yilda butun mamlakat bo‘ylab namoyishlar kuzatilgan. 2026-yil yanvaridagi noroziliklardan bir necha hafta oldin ham shunga o‘xshash choralar ko‘rilgan.
Shu sababli Eron hukumati masalaga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda. Yakuniy qaror kelgusi haftalarda qabul qilinishi kutilmoqda.
«Jamiyatimizda hozir ko‘plab muammolar borligini tushunaman. Odamlar zarar ko‘rmasligi uchun qo‘limizdan kelganini qilyapmiz. Ammo dushman bunga erishishimizga yo‘l qo‘ymaslik uchun bor kuchini ishga solmoqda», – dedi prezident Mas’ud Pezeshkiyon 23-avgust kuni qilgan nutqida.
AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga «eng qaqshatqich iqtisodiy operatsiya» bilan tahdid qilganidan so‘ng Eron rialining kursi ham rekord darajada pasaydi. 23-avgust kuni Tehron ochiq bozorida 1 AQSh dollari 2 mln rialgacha ko‘tarildi.
Pezeshkiyon 21-avgust kuni Eronda yonilg‘i narxi dunyoning aksariyat mamlakatlariga qaraganda ancha past ekanini aytgandi.
Eronliklar uchun yangi tariflar
Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat neftni qayta ishlash zavodlarida ishlab chiqarilgan 1 litr benzin uchun 1,3 mln rial (amaldagi kurs bo‘yicha 8 700 so‘m) sarflaydi. Aholiga taklif qilinayotgan eng arzon tarifda esa 1 litr benzin 15 ming rialdan (129 so‘m) ham arzon narxda sotilmoqda.
Shuningdek, shaxsiy avtomobillar uchun 1 litri 30 ming rial va 50 ming rial (428 so‘m) bo‘lgan yana ikki tarif mavjud. Import qilingan, erkin iqtisodiy zonalarda ro‘yxatdan o‘tgan yoki yangi ro‘yxatdan o‘tkazilgan avtomobillar egalari eng yuqori tarif bo‘yicha yoqilg‘i xarid qiladi.
Biroq aholining subsidiyalangan yonilg‘i xarid qilish hajmi ham cheklangan. Har bir tarif uchun oylik limit belgilanib, benzin faqat maxsus yonilg‘i kartalari orqali sotiladi.
Eng arzon tarif bo‘yicha oyiga 60 litr benzin xarid qilish mumkin. Ikkinchi tarif bo‘yicha limit joriy yil mart oyi oxirida 100 litrdan 70 litrgacha qisqartirilgan. Iyul oyida Eron va AQSh o‘rtasidagi ikki haftalik jangovar harakatlar qayta boshlanganidan so‘ng esa bu limit 50 litrgacha tushirilgan.
Hozirda eronliklar bir kunda qariyb 135 mln litr yonilg‘i iste’mol qilmoqda. Hukumat esa avgust oyi boshida mamlakatdagi ishlab chiqarish hajmi kuniga taxminan 121 mln litrni tashkil etayotganini bildirgan.
Hukumat oldida uchta variant
Eron hukumatining energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha rahbari Ismoil Sag‘ab-Isfaxoniy davlat televideniyesiga bergan intervyusida yoqilg‘i narxi bo‘yicha uchta variant mavjudligini aytdi.
Birinchi variantga ko‘ra, narxlar o‘zgarmaydi, biroq yoqilg‘i shoxobchalariga ajratilgan benzin tugaganidan keyin ular vaqtincha yopiladi. Ya’ni yonilg‘i mavjud bo‘lgan hududlarda u birinchi kelganlarga birinchi bo‘lib tamoyili asosida sotiladi.
Ikkinchi variantda avtomobili bor yoki yo‘qligidan qat’i nazar, barcha eronliklarga oyiga taxminan 30 litr benzinni eng arzon tarif bo‘yicha olish imkoniyati beriladi. Avtomobil haydamaydigan fuqarolar esa o‘zlariga ajratilgan limitni xohlasa, boshqa kishiga sotishi mumkin bo‘ladi.
Uchinchi variant yonilg‘i narxini barcha iste’molchilar uchun erkinlashtirishni nazarda tutadi. Hukumat litriga 872 ming rial (7 ming 500 so‘m) narxni ko‘rib chiqayotgani aytilmoqda.
Biroq bunday qaror inflyatsiyaning yana keskin kuchayishiga olib kelishi mumkin. Transport va logistika xarajatlarining oshishi oxir-oqibat biznes tomonidan iste’molchilar zimmasiga yuklanadi.
Hukumat pozitsiyasi
Mahalliy hokimiyat hukumat bilan kelishilgan holda 13-avgustga o‘tar kechasi viloyatdagi 204 ta yonilg‘i shoxobchasida yangi tariflarni joriy etishni e’lon qilgan. Biroq hukumat so‘nggi daqiqada tajriba loyihasini bekor qilgan va mahalliy rasmiylarning bu boradagi qaroridan xabardor qilinmaganini bildirgan.
Shunga qaramay, hukumat yonilg‘i narxini sezilarli darajada oshirish rejasini ko‘rib chiqayotganini yashirmayapti.
Birinchi vitse-prezident Muhammad Rizo Orif 21-avgust kuni eng arzon tarif va 60 litrlik oylik limit saqlanib qolishi kerakligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikkinchi tarif bo‘yicha limit bosqichma-bosqich qisqartirilishi, kelgusida esa yonilg‘i narxlari shaffof tarzda erkinlashtirilib, tushgan mablag‘lar aholining ehtiyojmand qatlamlariga yo‘naltirilishi kerak.
Avvalroq Donald Tramp Eron bilan savdo qiladigan yoki unga moliyaviy yordam ko‘rsatadigan davlatlar «juda katta iqtisodiy oqibatlar»ga duch kelishini aytgandi.