
Chevrolet Janubiy Koreya bozorida 2026-yilgi Tracker krossoverining ikkita yangi versiyasini taqdim etdi. Bu haqda GMAuthority nashri xabar berdi.
Model endi LS Deluxe komplektatsiyasi hamda qora tomli Activ Black Roof variantida taklif qilinadi.
General Motors 2026-yilgi Chevrolet Tracker model qatorini Janubiy Koreyada kengaytirdi. Kompaniya boshlang‘ich komplektatsiyani yangilab, unga LS Deluxe nomini berdi. Shuningdek, Activ versiyasi uchun ikki rangli kuzov – Black Roof varianti paydo bo‘ldi. Bu haqda GM Authority xabar berdi.
Activ ilk bor qora tom bilan taklif etiladi
Chevrolet Tracker Activ uchun Black Roof opsiyasi modelning eng muhim yangiliklaridan biri bo‘ldi. Avval qora tom faqat RS komplektatsiyasida mavjud bo‘lib, Activ versiyasi bir xil rangdagi kuzov bilan sotilgan.

Yangi variantda kuzovning asosiy rangidan farq qiluvchi qora tom qo‘llanadi. Chevrolet Korea bu yechim xaridorlarga avtomobil tashqi ko‘rinishini yanada individuallashtirish imkonini berishini ta’kidladi.
Kompaniya Tracker Activ Black Roof’ni Janubiy Koreyadagi yangi reklama kampaniyasining asosiy modeliga aylantirgan. Kampaniyada mamlakatdagi yosh va mashhur ijrochilar bilan hamkorlikda maxsus raqamli kontent tayyorlangan.
LS Deluxe qo‘shimcha xavfsizlik tizimiga ega bo‘ldi
Tracker’ning boshlang‘ich versiyasi esa LS Deluxe nomi ostida yangilandi. Komplektatsiyaga orqa tomondagi to‘siqlarni aniqlashga yordam beruvchi parking assist tizimi standart jihoz sifatida qo‘shildi.

Chevrolet ma’lumotiga ko‘ra, yangi komplektatsiyalar allaqachon Janubiy Koreyadagi rasmiy dilerlik markazlarida buyurtma uchun mavjud.
Tracker LS Deluxe narxi 21,99 mln vonni, ya’ni qariyb $15,9 mingni tashkil etadi. Tracker Activ Black Roof esa 28,48 mln von yoki taxminan $20,6 ming narxda taklif qilinmoqda.
Chevrolet Tracker Janubiy Koreyada ishlab chiqariladi. Mazkur zavodda yig‘ilgan avtomobillarning asosiy qismi Shimoliy Amerika bozorlariga eksport qilinadi, bir qismi esa Janubiy Koreyaning ichki bozorida sotiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Cobalt va Onix tez eskirmasligi uchun nimalarga e’tibor berish kerakligi haqida yozgandi.