Profilaktika inspektorlari har chorakda mahalla aholisiga hisobot berishi mumkin

O‘zbekistonda profilaktika inspektorlarining mahalla aholisi oldidagi mas’uliyatini oshirishga qaratilgan yangi tartib joriy etilishi mumkin. Bu haqdagi qonun loyihasi Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda ma’qullandi.
Inspektorlar faoliyati aholiga ochiq bo‘ladi
Qonun loyihasiga ko‘ra, profilaktika inspektorlari o‘zlari faoliyat yuritadigan hududda bajarilgan ishlar yuzasidan har uch oyda aholi va jamoatchilikka hisobot berishi kerak bo‘ladi.
Bundan tashqari, fuqarolarga inspektor faoliyatidan norozilik bildirish, ya’ni «ishonchsizlik tashabbusi»ni ilgari surish imkoniyati ham berilishi rejalashtirilmoqda.
Inspektorlarga ortiqcha vazifa yuklanmaydi
Hujjatda profilaktika inspektorlarining asosiy vazifalariga aloqador bo‘lmagan ishlarga jalb qilinishining oldini olish ham ko‘zda tutilgan. Ularning xizmat faoliyatiga asossiz aralashish va qo‘shimcha vazifalar yuklashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, inspektorlarning huquqiy va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, mehnatiga munosib haq to‘lash, xizmat hamda uy-joy sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha kafolatlar belgilanmoqda.
Tizimda 10 mingdan ortiq inspektorlar xizmat qiladi
Avvalroq ma’lum qilinganidek, O‘zbekistonda qariyb 9 mingta mahallalarda 10 mingdan ortiq profilaktika inspektorlari faoliyat yuritmoqda.
Yangi qonun loyihasi ularning huquqiy maqomini aniq belgilash, ortiqcha yuklamalarni kamaytirish va jinoyatchilikning oldini olishda mahalla bilan hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan.
Qonun loyihasi hozircha birinchi o‘qishda qabul qilingan. Uning kuchga kirishi uchun belgilangan keyingi qonunchilik jarayonlaridan o‘tishi lozim.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan profilaktika inspektorlari faoliyatiga aralashish va asossiz topshiriqlar berish taqiqlanishi haqida yozgandi.