O‘zbekistonda 6 oyda 506 ming aholi doimiy ishga joylashtirildi — vazir

2026-yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekistonda 506 ming nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlandi. Shu davrda ishsizlik darajasi 4,8 foizdan 4,5 foizgacha kamaydi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘tkazilayotgan majlisda bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’lum qildi.
Vazir hisobotiga ko‘ra, 2026-yilning birinchi olti oyida O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti real hisobda 8,5 foizga o‘sib, 1 072,7 trln so‘mga yetgan. Sanoatda o‘sish 8 foiz, xizmatlar sohasida 9,2 foiz, qurilishda 13,7 foiz, qishloq xo‘jaligida esa 4,7 foizni tashkil etdi.
Davlat budjeti xarajatlari 205,6 trln so‘mga yetib, uning 105,8 trln so‘mi ijtimoiy sohalarga yo‘naltirildi.
Xorijiy investitsiyalar $28,1 mlrdga yetdi
Birinchi yarim yillikda O‘zbekistonda $28,1 mlrdlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 134 foizni tashkil etdi.
Shundan $26 mlrd to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hissasiga to‘g‘ri keldi. Eksport hajmi esa $15,9 mlrdga yetdi.
Doimiy ish
Hisobot davrida 506 ming nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirildi. Shuningdek, 2,6 mln nafar aholining daromadi oshirilgani, 546 ming nafar norasmiy band fuqaroning faoliyati qonuniylashtirilgani qayd etildi.
Mahallalarda 104 mingta mikroloyiha ishga tushirilib, ular orqali 246 ming nafar aholining bandligi ta’minlandi.
Ko‘rilgan choralar natijasida ishsizlik darajasi yil boshidagi 4,8 foizdan 4,5 foizgacha kamaydi.
2,7 mingta mahalla kambag‘allikdan xoli deb topildi
Kambag‘allik darajasi ham 4,5 foizgacha tushgani ma’lum qilindi. Shu bilan birga, 2,7 mingta mahalla «kambag‘allikdan xoli» hududga aylantirildi.
«Ijtimoiy reyestr»ga kiritilgan 227 mingta kambag‘al oilaga ularning daromadini oshirishga qaratilgan 300 mingta xizmat ko‘rsatildi.
Bundan tashqari, yilning birinchi yarmida qariyb 37,8 mingta yangi kichik biznes subyekti tashkil etildi. Savdo-sanoat palatasining tuman va shahar bo‘limlari tadbirkorlarga qariyb 70 mingta biznes xizmati ko‘rsatdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning davlat qarzi $48,3 mlrdga yetgani haqida xabar berilgandi.