Yangi avlod Chevrolet Captiva sinovdan o‘tkazilmoqda

25-avgust 2026 17:23 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
Yangi avlod Chevrolet Captiva sinovdan o‘tkazilmoqda
Foto: GM Authority

General Motors 2027-yilgi yangi avlod Chevrolet Captiva modelini Lotin Amerikasi davlatlarida sinovdan o‘tkazmoqda. GM Authority xabariga ko‘ra, krossover sezilarli darajada yangilanadi va hozirgi benzinli Captiva o‘rnini egallashi kutilmoqda. Ayrim prototiplar Meksika va Janubiy Amerika shaharlaridagi yo‘llarda kamuflyaj bilan ko‘rinish bergan.

Yangi Captiva Wuling Starlight 560 asosida yaratiladi

Foto: GM Authority

Yangi avlod Captiva Xitoydagi SAIC-GM-Wuling qo‘shma korxonasi tomonidan ishlab chiqilgan Wuling Starlight 560 krossoveri asosida tayyorlanishi kutilmoqda.

Mazkur model Xitoyda 2025-yil dekabrida taqdim etilgan. Chevrolet uchun ishlab chiqariladigan versiyada asosiy kuzov dizayni saqlanib qoladi, biroq old qism Chevrolet uslubiga moslashtiriladi.

Sinov avtomobillarida Chevrolet emblemalari, model belgisi va old radiator panjarasining ayrim qismlari maxsus qoplama bilan berkitilgan.

Hozirgi Captiva o‘rnini egallaydi

Yangi model hozirgi avlod benzinli Chevrolet Captiva o‘rnini bosadi. Amaldagi Captiva Baojun 530 platformasi asosida yaratilgan bo‘lib, 2018-yildan buyon turli bozorlarda, jumladan Afrika va Yaqin Sharq mamlakatlarida sotilmoqda.

General Motors yangi modelda ham Xitoyda ishlab chiqilgan Wuling krossoverini Chevrolet brendi ostida taklif qilish usulini davom ettiradi.

Yangi Captiva qachon taqdim etiladi

Foto: GM Authority

Yangi avlod Chevrolet Captiva yaqin oylarda rasman namoyish etilishi kutilmoqda. Dastlab model faqat benzinli dvigatel bilan taklif qilinishi mumkin.

Avtomobil ayrim bozorlarda Captiva XL yoki Captiva Turbo nomi bilan sotuvga chiqarilishi ham ehtimoldan xoli emas. Chevrolet bu nomlardan ayrim mamlakatlarda hozir ham foydalanadi.

Shu bilan birga, kompaniya boshqa rivojlanayotgan bozorlarda Captiva nomi ostida elektromobil va gibrid versiyalarni ham taklif qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chevrolet yangi nom bilan arzon elektromobil ishlab chiqarishi kutilayotgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek