Kanada AQShning tovarlariga javob boji joriy etadi

Kanada AQShdan import qilinadigan qariyb $20 mlrdlik tovarlarga javob bojlarini joriy etadi. Yangi tariflar 8-sentabrdan kuchga kiradi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Kanada hukumati AQShning qariyb 700 turdagi mahsulotiga 15, 25 va 50 foizlik boj belgilaydi. Rasmiylar bu choralarni Vashington tomonidan Kanada mahsulotlariga joriy etilgan yangi tariflarga teng miqdordagi javob sifatida izohladi.
Eng yuqori boj po‘lat va alyuminiyga qo‘llanadi
Kanada AQShdan olib kiriladigan po‘lat, alyuminiy, mebel va kiyim-kechak mahsulotlariga 50 foizlik boj joriy etadi. Pishloq, maishiy texnika hamda ayrim dengiz mahsulotlari uchun tarif 25 foizni tashkil qiladi.
Elektronika va asbob-uskunalar esa 15 foizlik bojga tortiladi. Tariflar ro‘yxatiga, shuningdek, tayyor oziq-ovqat mahsulotlari, parfyumeriya, gigiyena vositalari, plastmassa buyumlar, yog‘och-taxta, qog‘oz mahsulotlari, gilamlar, mototsikllar, sanoat uskunalari va temiryo‘l lokomotivlari kiritilgan.
AQSh avvalroq Kanada mahsulotlarining qariyb $20 mlrdlik qismiga 50 foizgacha boj joriy etgan edi. Bu choralar ikki davlat o‘rtasidagi savdo muzokaralari muvaffaqiyatsiz yakunlanganidan keyin kuchga kirgan.
Kanada siyosiy bosimni ham kuchaytirmoqchi
Kanada sanoat vaziri Melani Joli hukumat tariflar qo‘llanadigan mahsulotlarni tanlashda ularning AQShning qaysi shtatlarida ishlab chiqarilishini ham hisobga olganini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yondashuv mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish bilan birga, 3-noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan AQSh Kongressiga oraliq saylovlar oldidan Vashingtonga siyosiy bosim o‘tkazishga qaratilgan.
Kanada moliya vaziri Fransua-Filipp Shampan esa javob tariflari va biznesni qo‘llab-quvvatlash choralari mamlakat ishchilari, fermerlari, oilalari hamda korxonalarini savdo mojarosi oqibatlaridan himoya qilishini bildirdi.
Biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun 7,5 mlrd Kanada dollari ajratiladi
Ottava savdo mojarosidan zarar ko‘rishi mumkin bo‘lgan kompaniyalar va xodimlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 7,5 mlrd Kanada dollari miqdoridagi yordam paketini ham e’lon qildi.
Dastur kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish, kompaniyalarning aylanma mablag‘lariga yordam berish hamda savdo cheklovlaridan zarar ko‘rgan korxonalar xodimlarini qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi.
Kanada Biznesni rivojlantirish banki zarar ko‘rgan kompaniyalarga 2,5 mln Kanada dollaridan 5 mln Kanada dollarigacha foizsiz kreditlar taklif qiladi. Joli ma’lumotiga ko‘ra, ayrim kreditlar bo‘yicha dastlabki to‘lovlarni 36 oygacha kechiktirish imkoniyati beriladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri AQSh Suriyani terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchilar ro‘yxatidan chiqargani haqida yozgan edi.