Toshkent viloyatida fuqarolarning 130,2 mln so‘mlik krediti o‘zlashtirilgani aniqlandi

eʼlon qilindi
Hozirda ish bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda
Toshkent viloyatida fuqarolarning 130,2 mln so‘mlik krediti o‘zlashtirilgani aniqlandi
Foto: Departament

Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida fuqarolarga ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘larini o‘zlashtirish bilan bog‘liq holat aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.

Dastlabki tekshiruvga ko‘ra, «Oydinobod» mahalla fuqarolar yig‘ini hokim yordamchisi to‘rt nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularning nomiga kredit ajratilishiga erishgan.

Fuqarolar mahallada yashovchi sifatida ko‘rsatilgan

Departament ma’lumotiga ko‘ra, mazkur fuqarolar aslida Oydinobod mahallasi hududida yashamagan. Shunga qaramay, hokim yordamchisi bankka taqdim etilgan tavsiyanomalarda ularni ushbu mahallada istiqomat qiluvchi fuqarolar sifatida ko‘rsatgan. Shu asosda jami 130,2 mln so‘m imtiyozli kredit mablag‘i ajratilgan.

Tergovga qadar tekshiruvda ushbu mablag‘lar hokim yordamchisi tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborilgani aniqlangani qayd etildi.

Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi – o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda ish bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq «Kursiv» Namanganda gaz tarmog‘ini ulab berishni va’da qilgan shaxslar ushlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek