Telefon raqami orqali pul o‘tkazish tartibi tasdiqlandi

Markaziy bank tezkor to‘lovlar tizimi orqali jismoniy shaxslar o‘rtasida telefon raqami yordamida pul o‘tkazish tartibini tasdiqladi. Tegishli hujjat 24-avgust kuni Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, Lex.uz’da e’lon qilindi.
Yangi tartib bank hisobvaraqlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri A2A — Account-to-Account pul o‘tkazmalarini amalga oshirishni nazarda tutadi. Bunda mablag‘ jo‘natish uchun oluvchining bank kartasi raqami o‘rniga uning bank hisobvarag‘iga bog‘langan mobil telefon raqamidan foydalanish mumkin bo‘ladi.
Qoidalar rasmiy e’lon qilinganidan uch oy o‘tib, 26-noyabrdan kuchga kiradi.
Bitta telefon raqamiga faqat bitta hisobvaraq bog‘lanadi
Yangi tartibga ko‘ra, bitta mobil telefon raqami faqat bitta bank hisobvarag‘iga bog‘lanishi mumkin. Bog‘langan raqamlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Bank depozitorlarining Milliy axborotlar bazasi orqali yuritiladi.
Telefon raqamini hisobvaraqqa biriktirish uchun mijoz o‘z bankining mobil ilovasi orqali ariza yuboradi. Jarayon muvaffaqiyatli yakunlangach, Milliy axborotlar bazasi bank va foydalanuvchiga maxsus bog‘lash kodini taqdim etadi.
Mazkur kod foydalanuvchini bevosita identifikatsiya qilish yoki unga biriktirilgan telefon raqami orqali aniqlashda ishlatiladi. Mijoz bog‘lash kodini tasdiqlaganidan keyin telefon raqami bank hisobvarag‘iga rasman biriktirilgan hisoblanadi.
Hisobvaraq jismoniy shaxslarga tegishli 22616 balans hisobvarag‘i doirasida ishlaydi.
Telefon raqamini hisobvaraqdan uzish mumkin bo‘ladi
Mijoz istalgan vaqtda mobil ilova yoki bank ofisi orqali o‘z telefon raqamini hisobvaraqdan uzishi mumkin.
Ayrim holatlarda bank ham bog‘lanishni mustaqil bekor qilish huquqiga ega. Masalan, mijoz bank ilovasidagi hisobini o‘chirsa yoki terrorizm va ommaviy qirg‘in qurollarini ishlab chiqarishni moliyalashtirish bilan bog‘liq shaxslar ro‘yxatiga kiritilsa, telefon raqami hisobvaraqdan uziladi.
Shundan keyin mazkur telefon raqami orqali ushbu hisobvaraq foydalanuvchisini aniqlash va unga pul o‘tkazish imkoniyati bekor bo‘ladi.
O‘tkazmalar 24/7 rejimida ishlaydi
Tezkor to‘lovlar tizimi orqali pul o‘tkazmalari mobil ilova yoki bank ofisida jo‘natuvchining to‘lov topshirig‘i asosida amalga oshiriladi.
Tizim 24 soat, haftaning yetti kuni real vaqt rejimida ishlaydi. Bu banklarning odatiy ish vaqtiga bog‘liq bo‘lmagan holda pul o‘tkazish imkonini beradi.
Agar jo‘natuvchi va oluvchining hisobvaraqlari turli banklarda bo‘lsa, jo‘natuvchi oluvchining bankini tanlashi va kerakli rekvizitlarni olishi mumkin. Jo‘natuvchining banki zarur ma’lumotlarni texnik hujjatga kiritib, uni kliring orqali qayta ishlash uchun Tezkor to‘lovlar tizimiga yuboradi.
Agar ikkala hisobvaraq bir bankda bo‘lsa, operatsiya bank ichidagi to‘lov sifatida amalga oshiriladi. Har ikki holatda ham tranzaksiya yakunlanishi uchun jo‘natuvchi va oluvchi bankining tasdig‘i talab qilinadi.
O‘tkazma bo‘yicha elektron tasdiq beriladi
Pul muvaffaqiyatli o‘tkazilgach, jo‘natuvchiga operatsiyani tasdiqlovchi hujjat taqdim etiladi.
Unda to‘lov amalga oshirilgan sana va vaqt, tranzaksiyaning yagona BID raqami, jo‘natuvchi hamda oluvchining ism-familiyasi, bank hisobvaraqlari, telefon raqami yoki oluvchining identifikatsiya kodi, o‘tkazilgan summa va undirilgan komissiya miqdori aks etadi.
Banklar tranzaksiyalarni amalga oshirishda kiberxavfsizlik, mijozlarni identifikatsiya qilish va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha amaldagi talablarni ham bajarishi shart.
Komissiyani banklarning o‘zi belgilaydi
Telefon raqami orqali pul o‘tkazish uchun yagona komissiya belgilanmagan. Har bir bank xizmat narxini o‘zining ichki tarif siyosatidan kelib chiqib mustaqil belgilaydi.
Markaziy bank 2026-yil mart oxirida Tezkor to‘lovlar tizimi asosida bank hisobvaraqlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri A2A o‘tkazmalarini texnik jihatdan ishga tushirganini ma’lum qilgan edi.
Yangi qoidalar esa ushbu mexanizmni jismoniy shaxslar uchun telefon raqamiga bog‘langan hisobvaraqlar orqali ishlatish tartibini huquqiy jihatdan belgilab berdi.
Avvalroq «Kursiv» 2027-yildan nasiya bozori qanday o‘zgarishi haqida yozgan edi.