O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 2026-yilda 180 mlrd dollardan oshishi kutilmoqda

2026-yil yakuniga kelib O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti hajmi $180 mlrddan oshishi kutilmoqda. Shavkat Mirziyoyev Ko‘ksaroy qarorgohida o‘tkazilayotgan tadbirda ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, o‘tgan davr mobaynida O‘zbekistonga $160 mlrddan ortiq xorijiy investitsiya jalb qilingan. Iqtisodiy o‘sish sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida yangi ish o‘rinlari yaratilishi, shuningdek, ijtimoiy va muhandislik infratuzilmasining kengayishi bilan birga kechgan.
5,7 mln doimiy ish o‘rni yaratildi
So‘nggi o‘n yil ichida sanoat tarmoqlari, servis va qishloq xo‘jaligi sohalarida jami 5,7 mln doimiy ish o‘rni tashkil etilgan.
Davlat va xususiy sektor ishtirokida 1,2 mln o‘rinli zamonaviy maktablar, 342 ming o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasalari hamda 62 ming o‘rinli shifoxonalar foydalanishga topshirilgan.
Bu davrda iqtisodiyotning kengayishi bilan bir qatorda ta’lim va sog‘liqni saqlash infratuzilmasini rivojlantirishga ham katta hajmda investitsiyalar yo‘naltirilgan.
83 ming kilometr yo‘l qurildi va ta’mirlandi
Transport infratuzilmasini yaxshilash doirasida mamlakat bo‘ylab 83 ming kilometr umumiy foydalanishdagi va ichki yo‘llar qurilgan hamda ta’mirlangan.
Shuningdek, hududlarda 8 mln aholi yashaydigan xonadonlarga ilk bor markazlashgan ichimlik suvi yetkazib berilgan. Yana 11,5 mln aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilangan.
Mazkur loyihalar, ayniqsa, ilgari markazlashgan ichimlik suvi tizimiga ulanmagan hududlarda infratuzilma imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilgan.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotida AKT xizmatlari ulushi 2,9 foizga yetgani haqida yozgan edi.