1-sinflardan ortib qolgan o‘quv qurollari bog‘chalarning tayyorlov guruhlariga beriladi

O‘zbekistonda birinchi sinf o‘quvchilari uchun xarid qilingan, ammo foydalanilmay qolgan o‘quv qurollaridan keyingi yillarda ham samarali foydalanish yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda hukumatning 24-avgustdagi qarorida belgilandi.
Ularning bir qismi maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi bolalarga bepul berilishi mumkin.
Ortib qolgan to‘plamlar hisobga olinadi
Qaror bilan birinchi sinflarga mo‘ljallangan o‘quv qurollarini taqsimlash tartibiga o‘zgartirish kiritildi.
Unga ko‘ra, maktablarga o‘quv yili boshida birinchi sinfga qabul qilinadigan bolalar sonidan kelib chiqib tarqatilgan o‘quv qurollari orasida ortib qolganlari keyingi yilgi davlat xaridlarini rejalashtirishda hisobga olinadi.
Bu orqali mavjud zaxiralardan foydalanish va keragidan ortiq o‘quv qurollari xarid qilinishining oldini olish ko‘zda tutilgan.
Bog‘chalardagi tayyorlov guruhlariga bepul beriladi
Agar ortib qolgan o‘quv qurollarining ayrimlari keyingi o‘quv yiliga qadar yaroqlilik muddatini yo‘qotishi kutilsa, ularni saqlab qo‘yish o‘rniga foydalanishga yo‘naltirish belgilangan.
Bunday o‘quv qurollari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan davlat bog‘chalarining majburiy maktabga tayyorlov guruhlariga bepul ajratiladi.
Natijada birinchi sinflar uchun mo‘ljallangan, foydalanilmay qolgan o‘quv jihozlari maktabga tayyorgarlik ko‘rayotgan bolalar ta’limida ishlatiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan sakkiz farzandni yangi o‘quv yiliga tayyorlash qancha turishi haqida yozgandi.