Yoshlarimiz sizlarga o‘xshashga intiladi — prezident 558 nafar mukofot sohibiga murojaat qildi

Shavkat Mirziyoyev Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan davlat mukofotlari bilan taqdirlangan yurtdoshlarni tabrikladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Marosimda mamlakat taraqqiyotiga turli sohalarda munosib hissa qo‘shayotgan 558 nafar fidoyi insonning mehnati e’tirof etildi.
Davlat rahbari yurtimizdagi yangilanish va o‘zgarishlar, avvalo, ko‘p millatli xalqning fidokorona mehnati natijasi ekanini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, inson uchun o‘z mehnatining munosib baholanishi katta baxtdir.
Turli soha vakillarining xizmatlari e’tirof etildi
Mukofotlanganlar orasida ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, qurilish, irrigatsiya, chorvachilik, ipakchilik va boshqa yo‘nalishlarda uzoq yillar samarali faoliyat yuritgan mutaxassislar bor.
Xususan, Xorazmdan Rustam Sultonov viloyat nuroniylariga boshchilik qilib, mahalla va qishloqlarni obod qilish hamda yoshlarni ezgu ishlarga yo‘naltirishdagi faoliyati bilan taqdirlandi.
Surxondaryolik mehnat faxriysi Abdusattor Qurbonov cho‘l hududlarini o‘zlashtirish va dehqonchilikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun e’tirof etildi. Bekobod metallurgiya kombinatida uzoq yillardan buyon po‘lat erituvchi G‘ulomjon Turonovga «Xizmat ko‘rsatgan sanoat xodimi» faxriy unvoni berildi.
Qishloq xo‘jaligida yuqori natijalarga erishgan namanganlik Ilhom Ziyovuddinov, pillachilikda samarali mehnat qilayotgan buxorolik Jamila Xudoyberdiyeva, chorvachilikda zamonaviy texnologiyalarni joriy etayotgan qoraqalpog‘istonlik Esenbay Aytimuratov hamda suv resurslaridan samarali foydalanishga hissa qo‘shayotgan samarqandlik irrigator Aslanqul Karimqulovning xizmatlari ham munosib baholandi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasini bezatish ishlarida qatnashgan usta-naqqosh Sattorxo‘ja To‘xtaxo‘jayev «Xizmat ko‘rsatgan quruvchi» faxriy unvoni bilan taqdirlandi.
Xorijlik hamkorlarga ham minnatdorlik bildirildi
Marosimda O‘zbekistondagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlab, mamlakatga investitsiya va zamonaviy texnologiyalar olib kirayotgan xorijlik hamkorlar ham davlat mukofotlariga loyiq ko‘rilgani qayd etildi.
Prezident mukofotlanganlarning har biri o‘z sohasida ko‘rsatgan fidoyiligi va mamlakat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi bilan e’tirofga munosib ekanini ta’kidladi.
«Ko‘ksingizga yarashib turgan yuksak unvon, orden va medallarga odamlar havas bilan qaraydi, yoshlarimiz sizlarga o‘xshashga intiladi. Bu sizlarga kelgusi ishlaringizda yangi kuch-g‘ayrat va ilhom beradi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Marosim yakunida davlat mukofotlari o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev oliy davlat mukofotlari bilan taqdirlangani haqida yozgandi.