189 ball olgan maktab bitiruvchilari 8 baravarga ko‘paydi

O‘zbekistonda 2026-yilda test sinovlarida maksimal natijani qayd etgan bitiruvchilar soni avvalgi yildagiga nisbatan qariyb sakkiz barobar oshgan. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.
Maksimal natija qayd etganlar soni keskin oshdi
Unga ko‘ra, bu yil 4 825 nafar bitiruvchi 189 ball – test sinovlaridagi eng yuqori natijani qo‘lga kiritgan. Bir yil avval esa bunday natijaga erishganlar 619 nafar edi. 2024-yilda esa maksimal ball olgan bitiruvchilar soni atigi 101 nafarni tashkil qilgan.
Shu bilan birga, testlarda 56,7 balldan past natija ko‘rsatganlar soni 13 ming nafarga yoki 5 foizga kamaygan.
Oliy ta’limga qabul ham oshgan
So‘nggi uch yil davomida davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan maktab bitiruvchilari soni 3,5 foizga ko‘paygan.

2026-yilda mamlakatdagi maktablarni 454 833 nafar o‘quvchi tamomlagan. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 16 ming nafarga ko‘p. Ularning 333 463 nafari, ya’ni 73 foizi oliy ta’limga kirish testlarida qatnashgan.
Joriy yilda 34 681 nafar bitiruvchi davlat granti asosida o‘qishga tavsiya etilgan. Bu ko‘rsatkich 2025-yildagidan 4 800 nafarga yuqori. 2024-yilda esa davlat granti sohiblari 24 330 nafar bo‘lgan.
Navoiy viloyati yetakchi
Maktab bitiruvchilarining oliy ta’limga kirish ko‘rsatkichi bo‘yicha hududlar orasida Navoiy viloyati 52,5 foiz bilan birinchi o‘rinda turibdi. Keyingi pog‘onalardan Buxoro viloyati 37,9 foiz va Jizzax viloyati 35,9 foiz bilan joy olgan.

Test sinovlaridagi o‘rtacha natija ham oshgan. Bitiruvchilarning sifat ko‘rsatkichi 11 ballga yaxshilangan, o‘rtacha ball bo‘yicha esa Navoiy viloyati 112,8 ball bilan peshqadam bo‘lgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan OTMdagi bo‘sh o‘rinlarga kimlar hujjat topshira olishi haqida yozgandi.