Davlat bog‘chalarida narx oshishi, telefon raqam orqali pul o‘tkazish tartibi — 26-avgust yangiliklari

Kursiv Uzbekistan 26-avgust kuni mahalliy maydonda yuz bergan yangiliklarni bir joyga jamaldi.
O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotida AKT xizmatlari ulushi 2,9 foizga yetdi
2026-yilning yanvar – iyun oylarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) xizmatlarining O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 2,9 foizni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Mazkur ko‘rsatkich so‘nggi yillarda izchil o‘sib bormoqda. 2024-yilning birinchi yarmida AKT xizmatlarining YaIMdagi ulushi 2,4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilning shu davrida 2,8 foizga yetgan. 2026-yil yanvar – iyun oylarida esa ko‘rsatkich yana 0,1 foiz bandga oshdi.
Yana bir o‘zbekitonlik futbolchi Chempionlar ligasida o‘ynaydi
Ozarbayjonning «Sabah» klubi Yevropa Chempionlar ligasi saralash pley-off bosqichida dramatik g‘alabaga erishib, turnirning asosiy bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Jamoa javob uchrashuvida Isroilning «Hapoel» klubini qo‘shimcha bo‘limlarda 5:2 hisobida mag‘lub etdi.
Bakuda kechgan uchrashuvda mezbonlar dastlabki o‘yindagi 1:2 hisobidagi mag‘lubiyatni qoplash uchun maydonga tushdi. Biroq bahs «Sabah» uchun yaxshi boshlanmadi. 10-daqiqada Zlatanovich mehmonlarni oldinga olib chiqdi.
Qatar o‘zbekistonliklarni 10 yo‘nalish bo‘yicha ishga taklif qilmoqda
Migratsiya agentligi fuqarolarni Qatar davlatidagi Ulta Beauty do‘konlarida ishlash uchun tanlovda qatnashishga taklif qildi. Bu haqda agentlik Telegram kanalida ma’lum qilindi.
Vakansiyalar savdo, kosmetika, mijozlarga xizmat ko‘rsatish va do‘kon boshqaruvi yo‘nalishlarini qamrab oladi. Taklif etilayotgan oylik maoshlar lavozimga qarab $1,45 mingdan $5,5 minggacha yetadi.
Arizalar 29-avgustga qadar qabul qilinadi. Tanlovda talablarni qanoatlantirgan erkak va ayollar ishtirok etishi mumkin.
Telefon raqami orqali pul o‘tkazish tartibi tasdiqlandi
Markaziy bank tezkor to‘lovlar tizimi orqali jismoniy shaxslar o‘rtasida telefon raqami yordamida pul o‘tkazish tartibini tasdiqladi. Tegishli hujjat 24-avgust kuni Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, Lex.uz’da e’lon qilindi.
Yangi tartib bank hisobvaraqlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri A2A — Account-to-Account pul o‘tkazmalarini amalga oshirishni nazarda tutadi. Bunda mablag‘ jo‘natish uchun oluvchining bank kartasi raqami o‘rniga uning bank hisobvarag‘iga bog‘langan mobil telefon raqamidan foydalanish mumkin bo‘ladi.
Qoidalar rasmiy e’lon qilinganidan uch oy o‘tib, 26-noyabrdan kuchga kiradi.
O‘zbekistonda bank omonatlaridan olinadigan daromadga soliq joriy etish hozircha rejalashtirilmagan — MB
O‘zbekiston Markaziy banki bank omonatlaridan olinadigan foizli daromadlarni soliqqa tortish masalasini ayni paytda ko‘rib chiqmayotganini ma’lum qildi. Regulyator Kursiv Uzbekistan’ga yo‘llagan xatida bu taklif MBning tashabbusi emasligini ham qo‘shimcha qildi.
Taklif Markaziy bankdan chiqmagan
Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abror Mirzo Olimovning ma’lum qilishicha, depozitlardan olinadigan daromadga soliq joriy etish bo‘yicha hozircha Markaziy bankning rasmiy tashabbusi mavjud emas.
Mazkur taklif Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish instituti tomonidan ilgari surilgan. Shu sababli taklifda keltirilgan hisob-kitob va xulosalar Markaziy bank pozitsiyasini anglatmaydi.
189 ball olgan maktab bitiruvchilari 8 baravarga ko‘paydi
O‘zbekistonda 2026-yilda test sinovlarida maksimal natijani qayd etgan bitiruvchilar soni avvalgi yildagiga nisbatan qariyb sakkiz barobar oshgan. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.
Maksimal natija qayd etganlar soni keskin oshdi
Unga ko‘ra, bu yil 4 825 nafar bitiruvchi 189 ball – test sinovlaridagi eng yuqori natijani qo‘lga kiritgan. Bir yil avval esa bunday natijaga erishganlar 619 nafar edi. 2024-yilda esa maksimal ball olgan bitiruvchilar soni atigi 101 nafarni tashkil qilgan.
Shu bilan birga, testlarda 56,7 balldan past natija ko‘rsatganlar soni 13 ming nafarga yoki 5 foizga kamaygan.
Davlat bog‘chalarida ota-onalar to‘lovi oshirildi: yangi narxlar qancha bo‘ladi
O‘zbekistonda davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovi miqdorlari oshirildi. Yangi tartibda to‘lovlar avvalgidek qat’iy summada emas, balki bazaviy hisoblash miqdoriga bog‘langan.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 24-avgustdagi 456-son qarori bilan davlat bog‘chalarida ota-onalar to‘lovi miqdorlarini hisoblash tartibiga o‘zgartirish kiritildi. Qaror 25-avgust kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Yangi tizimda to‘lov miqdori bolaning bog‘chada kuniga necha soat bo‘lishi va maktabgacha ta’lim tashkiloti qaysi hududda joylashganiga qarab BHMga nisbatan koeffitsiyent orqali hisoblanadi.