288 mln dollarlik DP World logistika xabi qurilishi oktabrda boshlanadi

eʼlon qilindi
DP World dunyodagi yirik port operatorlari va logistika kompaniyalaridan bir
288 mln dollarlik DP World logistika xabi qurilishi oktabrda boshlanadi
Foto: Pexels

Toshkentda BAAning DP World kompaniyasi ishtirokidagi $288 mlnlik multimodal logistika terminali qurilishi oktabr oyida boshlanishi rejalashtirilmoqda. Loyiha poytaxtdagi «Yangi avlod» maxsus sanoat zonasida amalga oshiriladi.

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi yangi obyektlarni ishga tushirish marosimida DP World rahbariyati davlat rahbarini terminalga tamal toshi qo‘yish marosimiga taklif etganini ma’lum qildi.

Prezident loyiha uzoq vaqtdan beri tayyorlanayotganini qayd etdi.

«Ko‘pdan beri tayyorgarlik qilyapmiz, u juda muhim biz uchun, kerakli loyiha bu», – dedi prezident «O‘zbekiston 24» telekanali syujetida.

Terminal yiliga 150 ming konteynerni qayta ishlaydi

Shavkat Umurzoqovning ma’lum qilishicha, yangi logistika majmuasi 120 mln tonna yuk va 150 ming konteynerni qayta ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda.

DP World Toshkentda qiymati $288 mln dan ortiq bo‘lgan multimodal logistika terminalini qurishni rejalashtirmoqda. Loyihani amalga oshirish uchun kompaniya Toshkent shahar hokimligiga tegishli Tashkent Invest bilan birgalikda DP World Tashkent qo‘shma korxonasini tashkil etgan.

Qo‘shma korxonaning 85 foiz ulushi DP World’ga, qolgan 15 foizi esa Tashkent Invest’ga tegishli bo‘ladi.

Logistika xabi Xitoyning CAMCE kompaniyasi boshqaruvidagi «Yangi avlod» maxsus sanoat zonasining qariyb 82 gektar maydonida joylashadi.

Xab tarkibida quruqlik porti va omborlar bo‘ladi

Loyiha doirasida temir yo‘l qatnoviga ega quruqlik porti, bojxona infratuzilmasi, «A» sinfidagi omborlar, transport vositalarini saqlash maydonchalari va yuklarni ortib o‘tkazish terminallari qurilishi rejalashtirilgan.

Birinchi bosqichda yiliga 150 ming TEU quvvatga ega temir yo‘l terminali va umumiy maydoni 63 ming kvadrat metr bo‘lgan omborlarni barpo etish ko‘zda tutilgan.

Dastlab ushbu bosqichni 2026-yil oxiri yoki 2027-yil boshigacha yakunlash rejalashtirilgan edi. Biroq loyiha muddatlari keyinroq surilgan.

DP World ma’lumotiga ko‘ra, terminal O‘zbekiston temir yo‘l tarmog‘i, asosiy avtomagistrallar va Toshkent xalqaro aeroportiga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Kompaniya loyihani Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa o‘rtasidagi muhim logistika bo‘g‘inlaridan biriga aylantirishni rejalashtirmoqda.

Toshkent 2026-yilda $9 mlrd investitsiya jalb qilmoqchi

Shavkat Umurzoqovning aytishicha, Toshkent 2026-yil yakuniga qadar $9 mlrd investitsiya jalb qilishni rejalashtirgan. Sakkiz oy yakunlariga ko‘ra, mazkur ko‘rsatkich $5,6 mlrdga yetgan.

Hokim poytaxt eksportini $4 mlrdga yetkazish maqsad qilinganini ham bildirdi.

«Agar 2024-yilda Toshkent $2,7 mlrd investitsiya jalb etgan bo‘lsa, 2026-yil uchun oldimizga $9 mlrd jalb qilish rejasini qo‘ydik. Sakkiz oy yakunlari bo‘yicha 5,6 mlrd dollar jalb etdik. Eksportni $4 mlrdga yetkazishni maqsad qilib qo‘ydik», – dedi hokim.

Umurzoqov bu natijalarni yuqori texnologiyali loyihalar va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega ishlab chiqarishlarni poytaxtga jalb qilish bilan bog‘ladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ham Toshkentning investitsiya rejalariga e’tibor qaratdi.

«Qachon shunday bo‘lgan? Aytish oson, 9 mlrd investitsiya deyapsan. Toshkent shahar uchun bu chakana emas-ku?. Niyatimiz bitta — xalqimizni rozi qilish, qadrini ko‘tarish. Toshkent bundan namuna bo‘lishi shart va namuna bo‘lyapti ham», – dedi prezident.

Yana 14 ta yirik loyiha ishga tushirilmoqda

Shahar hokimining ma’lum qilishicha, ayni paytda Toshkentda 14 ta loyiha ishga tushirilmoqda. Ularning to‘rttasi sanoat, yana ikkitasi turizm sohasiga tegishli.

Loyihalar to‘liq quvvatga chiqqach, taxminan uch yildan so‘ng yiliga $3 mlrdlik mahsulot ishlab chiqarish va $1,5 mlrdlik eksportni ta’minlash imkoniyati yaratilishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, 2024-yil noyabrida ochilgan sanoat zonasida yil oxirigacha yana $500 mlnlik 22 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan.

«Xudo xohlasa, yil oxirigacha bu yerda yana 500 mln dollarlik 22 ta loyihani ishga tushiramiz», – dedi hokim.

Umurzoqovning qayd etishicha, ilgari deyarli o‘zlashtirilmagan hududda hozirgacha jami $1,2 mlrdlik 26 ta loyiha shakllantirilgan. Ulardan o‘ntasini joriy yilning o‘zida ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

DP World dunyodagi yirik port operatorlari va logistika kompaniyalaridan biri bo‘lib, dengiz portlari, terminallar hamda xalqaro yetkazib berish zanjirlarini boshqaradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Andijonning Xo‘jaobod tumanida xalqaro logistika markazi qurilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek