O‘zbekistonda o‘rtacha pensiya to‘qqiz yil ichida uch barobarga oshib, 1,6 million so‘mga yetdi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Yangiliklar muharriri
Joriy yilning iyul oyi boshidan boshlab yoshga doir eng kam pensiya miqdori 7 foizga oshirildi
Foto: Depositphotos

O‘zbekistonda 2025-yilda o‘rtacha pensiya miqdori 1,6 million so‘mdan oshdi, deyiladi Milliy statistika qo‘mitasi hisobotida. To‘qqiz yil ichida to‘lovlar miqdori uch baravar oshdi.

Pensiya miqdori har yili oshirib borildi. 2020-yilda o‘rtacha ko‘rsatkich 848,5 ming so‘mga yetgan bo‘lsa, 2022-yilda 1 million so‘mdan oshdi, 2024-yilda esa 1,5 million so‘mga yetdi.

2025-yilda o‘rtacha pensiya miqdori o‘tgan yildagiga nisbatan yana 153,6 ming so‘mga oshib, 1,64 million so‘mni tashkil etdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyul oyi boshidan boshlab yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori 7 foizga, ya’ni 918 ming so‘mdan 983 ming so‘mga oshirildi.

Boshqa ijtimoiy to‘lovlar bo‘yicha-chi

Nogironlik pensiyasining eng kam miqdori 1,012 mln so‘mdan 1,083 mln so‘mga oshirildi. Pensiyani hisoblash uchun bazaviy miqdor oyiga 471 ming so‘mdan 504 ming so‘mga oshiriladi.

Shuningdek o‘qing: O‘zbekistonda kelajakdagi pensiyani qanday oshirish mumkin: ish staji, maosh va muhim jihatlar

Kam ta’minlangan oilalar uchun bolalar nafaqalari ham oshiriladi. Uch yoshgacha bo‘lgan bola uchun to‘lov hozirgi 360 ming so‘m o‘rniga 386 ming so‘mni tashkil etdi. Ikkinchi farzand uchun nafaqa 165 ming so‘mdan 177 ming so‘mga oshiriladi. Uchinchi va har bir keyingi farzand uchun oilalarga 110 ming so‘m o‘rniga 118 ming so‘mdan beriladi.

Joriy yilning iyul oyida davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevga jamg‘arib boriladigan pensiyaga ixtiyoriy badallar uchun o‘zbekistonliklarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilayotgani ma’lum qilingan edi. Agar 7,6 mln so‘mgacha maosh oladigan fuqaro o‘z daromadining 5 foizini pensiya hisobvarag‘iga o‘tkazsa, davlat qo‘shimcha ravishda yana 2,5 foizini kiritadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan yangi pensionerlarning 61 foizi to‘liq stajsiz qolayotgani haqida xabar bergandi. Shu tariqa so‘nggi 15 yil ichida yangi pensionerlar orasida to‘liq stajga ega bo‘lmaganlar ulushi qariyb o‘n baravar ko‘paygan.

Shuningdek