Narendra Modi 29 – 30-avgust kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ladi

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi 29 – 30-avgust kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga kelishi kutilmoqda. Tashrif davomida u prezident Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar o‘tkazadi. Bu haqda Hindiston Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.
Tashrif Shavkat Mirziyoyevning taklifiga ko‘ra amalga oshiriladi. Bu Narendra Modining O‘zbekistonga to‘rtinchi tashrifi bo‘ladi.
Savdo, energetika va mudofaa masalalari muhokama qilinadi
Tashrif doirasida ikki davlat rahbarlari delegatsiyalar ishtirokida muzokaralar o‘tkazadi.
Tomonlar savdo va investitsiyalar, mudofaa, raqamli aloqalar, energetika, ta’lim hamda xalqlar o‘rtasidagi aloqalar bo‘yicha hamkorlikni ko‘rib chiqishi kutilmoqda.
Shuningdek, «Viksit Bharat 2047» va «O‘zbekiston – 2030» dasturlari doirasidagi umumiy rivojlanish maqsadlari yuzasidan fikr almashiladi.
Modi Toshkentdagi Shastri yodgorligini ziyorat qilishi mumkin
Hindiston bosh vaziri Toshkentdagi Lal Bahodur Shastri yodgorligi va Toshkent davlat sharqshunoslik universitetidagi Mahatma Gandi markaziga tashrif buyurishi ham kutilmoqda.
O‘zbekistondan keyin Bishkekka boradi
Narendra Modi O‘zbekistondagi tashrifidan so‘ng Qirg‘izistonga jo‘nab ketadi. U 31-avgust – 1-sentabr kunlari Bishkekda o‘tkaziladigan Shanxay hamkorlik tashkilotining 26-sammitida qatnashadi.
Sammit doirasida Modi boshqa davlatlar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishi va 6-Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining ochilish marosimida ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonda musson yomg‘irlari 100 dan ortiq odamni halok qilgani haqida ma’lumot berilgandi.