To‘liq quvvatlanishiga bir soat: Redmi Note 17 Pro Max quvvati sinovdan o‘tkazildi

Bugun taqdim etilgan Xiaomi Redmi Note 17 Pro Max avtonom ishlash bo‘yicha GSM Arena sinovidan o‘tdi. 10 000 mA/soatli batareyaga ega model 22 soat 31 daqiqa ishlagan bo‘lsa, 8500 mA/soat batareyali Poco X8 Pro Max 25 soat 21 daqiqa natija ko‘rsatgan.
GSM Arena mualliflari Redmi Note 17 Pro Max’ning 10 000 mA/soat batareyali versiyasini sinovdan o‘tkazdi. Smartfonning global varianti esa 9210 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan ham taklif qilinadi.
Avtonomlik yuqori, ammo rekord emas
Redmi Note 17 Pro Max umumiy sinovda 22 soat 31 daqiqa ishlagan. Bu yuqori ko‘rsatkich bo‘lsa-da, kichikroq batareyaga ega Poco X8 Pro Max’dan past natija.
Taqqoslash uchun, Poco X8 Pro Max 8500 mA/soat batareya bilan 25 soat 21 daqiqalik natija qayd etgan.



Shunga qaramay, Redmi Note 17 Pro Max uzoq ishlash imkoniyati bilan ajralib turadi. Suhbat rejimida u 64 soatdan ortiq, video tomosha qilishda esa qariyb 38 soat ishlashi mumkin.
To‘liq quvvatlanishiga bir soat kerak
Smartfon 100 Vt tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi.
Sinov davomida batareya 30 daqiqada 52 foizgacha quvvatlangan. Uni to‘liq quvvatlash uchun esa taxminan bir soat kerak bo‘lgan.
Smartfonning vazni 230 gramm
GSM Arena mualliflari Redmi Note 17 Pro Max’ning ekran sifatini yuqori baholagan. Foto va video sifati ham yaxshi deb qayd etilgan, garchi kameralarida nisbatan budjet segmentidagi sensorlar ishlatilgan bo‘lsa ham.
Shu bilan birga, qurilmaning narxiga nisbatan unumdorligi unchalik yuqori emasligi ta’kidlangan.
Smartfon 230 gramm vaznga ega. Bunga katta hajmli akkumulyator sabab bo‘lsa-da, bunday og‘irlik barcha foydalanuvchilar uchun ham qulay bo‘lmasligi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Redmi K100 Pro Max ilk haftada K90 Pro Max’dan 35% ko‘p sotilgani ma’lum qilingandi.