
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov 3 – 13-sentabr kunlari Hindistonning Bengaluru shahrida o‘tadigan Tech Mahindra Global Chess League musobaqasining to‘rtinchi mavsumida qatnashadi. Bu haqda tashkilot saytida ma’lum qilindi.
U bu safar FYERS American Gambits jamoasining asosiy yetakchisi – Icon taxtasida o‘ynaydi. Musobaqada Magnus Karlsen, Vishvanatan Anand, Alireza Firuzja, Yan Nepomnyashchiy kabi dunyoning yetakchi shaxmatchilari ham ishtirok etadi.
Sindarov uchun Bengaluru turniri nafaqat kuchli raqiblarga qarshi navbatdagi sinov, balki Samarqanddagi Shaxmat olimpiadasi va amaldagi jahon chempioni Dommaraju Gukeshga qarshi jahon toji uchun bo‘lajak bahsga tayyorgarlikning bir qismi bo‘ladi.
Sindarov ilk bor jamoa yetakchisi bo‘ladi

Javohir Sindarov Global Chess League’dagi faoliyatida birinchi marta Icon – jamoaning birinchi taxtadagi asosiy shaxmatchisi maqomida qatnashadi. Avvalgi uch mavsumda u UpGrad Mumba Masters, Triveni Continental Kings va Ganges Grandmasters jamoalari safida o‘ynagan.
O‘tgan mavsumda o‘zbekistonlik grossmeyster Ganges Grandmasters tarkibida erkaklar Superstar taxtasida ishtirok etib, butun liga bo‘yicha Alireza Firuzjadan keyin ikkinchi eng yaxshi natijani qayd etgan. Sindarov yettita g‘alaba evaziga 24 o‘yin ochkosini jamg‘argan.
Endi esa u bevosita boshqa jamoalarning eng kuchli shaxmatchilariga qarshi o‘ynaydi. Sindarovning ehtimoliy raqiblari orasida Magnus Karlsen, Alireza Firuzja, Yan Nepomnyashchiy, Vishvanatan Anand va Maksim Vashye-Lagrav bor.
Karlsen va Anand bilan uchrashuvlar qachon bo‘ladi

Musobaqa jadvaliga ko‘ra, FYERS American Gambits jamoasi Magnus Karlsen yetakchilik qiladigan jamoaga qarshi 7 va 11-sentabr kunlari maydonga tushadi. Har ikki shaxmatchi Icon taxtasida o‘ynagani sababli Sindarov va Karlsen o‘zaro ikki marta uchrashishi mumkin.
Vishvanatan Anand jamoasiga qarshi bellashuvlar 5 va 8-sentabrga, Alireza Firuzja jamoasi bilan o‘yinlar esa 5 va 9-sentabrga rejalashtirilgan.
Sindarov avvalroq kuchli turnirlarda imkon qadar ko‘proq o‘ynashni maqsad qilayotganini aytgan. Uning fikricha, jahon chempionligi uchun bahs oldidan dunyoning eng kuchli shaxmatchilariga qarshi muntazam o‘ynash yuqori darajadagi musobaqalarga moslashishda yordam beradi.

Global Chess League qanday o‘tkaziladi
Global Chess League – Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) va Hindistonning Tech Mahindra kompaniyasi hamkorligidagi franchayzing formatidagi shaxmat ligasi. Turnirda oltita klub qatnashadi va har bir jamoa olti nafar shaxmatchidan iborat bo‘ladi.
Har bir jamoada bitta Icon, ikki nafar erkak Superstar, ikki nafar ayol Superstar va bitta yosh Prodigy toifasidagi shaxmatchi o‘ynaydi. Jamoaviy uchrashuvdagi barcha olti partiya bir vaqtning o‘zida boshlanadi.
Har bir klub raqiblariga qarshi ikki martadan jami o‘nta uchrashuv o‘tkazadi. Aylanma bosqich yakunida eng yaxshi natija ko‘rsatgan ikki jamoa finalga chiqadi.
Liga odatiy shaxmat musobaqalaridan ochko hisoblash tizimi bilan ham farq qiladi. Qora donalarda qo‘lga kiritilgan g‘alaba jamoaga to‘rt ochko, oq donalardagi g‘alaba esa uch ochko olib keladi. Durang uchun har ikki tomon bittadan ochko oladi.
Bu mavsumda har bir shaxmatchiga 20 daqiqadan vaqt beriladi, 40-yurishdan boshlab esa har bir yurish uchun qo‘shimcha ikki soniya qo‘shiladi.
Mukofot jamg‘armasi $1 mln

2026-yilgi Global Chess League musobaqasining umumiy mukofot jamg‘armasi $1 mlnni tashkil etadi.
Shundan $500 ming jamoalarning yakuniy o‘rniga qarab taqsimlanadi. Chempion $250 ming, ikkinchi o‘rin sohibi $125 ming, uchinchi o‘rinni egallagan jamoa $75 ming, to‘rtinchi o‘rin vakili esa $50 ming oladi.
Yana $450 ming turnir davomida jamg‘arilgan o‘yin ochkolariga mutanosib ravishda barcha jamoalar o‘rtasida taqsimlanadi. Liga g‘olibiga qo‘shimcha $50 ming mukofot beriladi. Shu sababli jamoalarning daromadi faqat yakuniy o‘ringa emas, har bir partiyadagi natijaga ham bog‘liq bo‘ladi.
American Gambits tarkibida yana kimlar bor
Sindarov boshchiligidagi FYERS American Gambits safida Daniil Dubov va Nihal Sarin erkaklar Superstar taxtalarida o‘ynaydi. Bibisara Assaubayeva hamda Sarasadat Xadem ayollar tarkibidan joy olgan, Mark-Andria Moritssi esa Prodigy sifatida qatnashadi. Jamoaga Shrinat Narayanan murabbiylik qiladi.
Avgust oyida Ispaniya terma jamoasi va «Barselona»ning sobiq futbolchisi Jerar Pike American Gambits’ning strategik aksiyadorlaridan biriga aylangan. Franchayzing hammualliflari orasida hindistonlik sobiq kriketchi Ravichandran Ashvin ham bor.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Sindarov AQShdagi 2,5 oylik safariga yakun yasagani haqida yozgan edi.