
Vivo kompaniyasi yangi flagman Vivo X500 Pro Max smartfonining displeyi haqida qo‘shimcha ma’lumotlarni oshkor qildi. Kompaniya ta’kidlashicha, qurilma dunyoda ilk bor 6,85 dyuymli BOE Q11 2K Zeiss Master Color paneli bilan jihozlanadi.
Yangi ekran yuqori aniqlikni saqlagan holda energiya sarfini kamaytirishga yo‘naltirilgan. Vivo X500 Pro Max bilan birga X500 va X500 Pro modellari ham sentabr oyida Xitoyda taqdim etilishi kutilmoqda.

Energiya sarfi 21 foizga kamaygan
Vivo ma’lumotiga ko‘ra, yangi 2K displey avvalgi avloddagi 1,5K ekran bilan taqqoslaganda 21 foiz kamroq energiya sarflaydi.
Shu bilan birga, panelning xizmat muddati ikki baravar oshirilgani aytilmoqda. Kompaniya yuqori aniqlikdagi ekranlarda odatda kuzatiladigan energiya iste’molining keskin o‘sishini kamaytirishga alohida e’tibor qaratgan.
Tasvirni aylantirish vaqtida yuzaga keladigan xiralashish darajasi esa 93 foizga qisqartirilgan.
Rang va yorqinlik aniqligi yaxshilandi
Smartfonda apparat darajasidagi Demura tasvirni qayta ishlash texnologiyasi hamda Vivo’ning piksel kompensatsiyasi algoritmlaridan foydalaniladi.
Ishlab chiqaruvchining qayd etishicha, ushbu texnologiyalar ranglarning bir xil ko‘rinishini 43 foizga yaxshilagan. Ekran yorqinligining bir xilligi esa 22 foizga oshgan.
BOE Q11 2K Zeiss Master Color paneli tasvirning tiniqligi bilan birga ranglarni imkon qadar aniq ko‘rsatishga mo‘ljallangan.
Ekran ostiga maxsus yorug‘lik sensori o‘rnatiladi
Vivo X500 Pro Max’ning yana bir muhim xususiyati displey ostiga joylashtiriladigan yuqori aniqlikdagi multispektral sensor bo‘ladi.
U atrof-muhitdagi yorug‘likni turli diapazon va rang haroratlarida tahlil qiladi. Kompaniyaning ma’lum qilishicha, sensor yorug‘likni inson ko‘zi qanday qabul qilishiga 98 foizgacha moslashtira oladi.
Avtomatik yorqinlikni boshqarish aniqligi 0,3 lyuksgacha yetishi aytilmoqda. Bu ekran yorqinligini atrofdagi sharoitga yanada nozik moslashtirish imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Vivo V70 Lite 4G taqdim etilgani haqida yozgan edi.