Mustaqillik bayramida qo‘shimcha poyezd, avtobus va aviareyslar yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan bayram kunlarida mamlakat bo‘ylab qo‘shimcha transport qatnovlari tashkil etiladi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, chora-tadbirlar aholining hududlar bo‘ylab sayohat qilish imkoniyatlarini kengaytirish, ichki turizmni rag‘batlantirish va turistik maskanlarga borish-kelishni qulaylashtirishga qaratilgan.
Ayrim poyezdlarga qo‘shimcha vagonlar ulanadi
Temiryo‘l transportida Toshkent – Xiva – Toshkent, Toshkent – Qo‘ng‘irot – Toshkent, Toshkent – Shovot – Toshkent, Toshkent – Termiz – Toshkent hamda Toshkent – Sariosiyo – Toshkent yo‘nalishlarida harakatlanadigan poyezdlarga qo‘shimcha vagonlar ulanadi.
Har bir tarkibga to‘rttagacha qo‘shimcha vagon qo‘shilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Toshkent – Samarqand – Toshkent, Toshkent – Buxoro – Toshkent va Toshkent – Urganch – Toshkent yo‘nalishlarida yuqori tezlikdagi elektropoyezdlarning qo‘shimcha qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi.
Qo‘shimcha elektropoyezdlar bayramdan ikki kun oldin qatnay boshlaydi va bayramdan keyingi ikki kun davomida ham harakatlanadi.
Viloyatlararo avtobuslar soni oshiriladi
Avtomobil transportida barcha viloyatlararo yo‘nalishlarda qo‘shimcha avtobus qatnovlari tashkil etiladi.
Toshkent Janubiy temir yo‘l vokzali hududida viloyatlararo avtobuslar uchun zaxira to‘xtash joyi ajratiladi. Bayramdan kamida uch kun oldin Toshkent – Samarqand – Buxoro – Urganch – Nukus yo‘nalishida ishlaydigan avtobuslar shu hududda joylashtiriladi.
Bu choralar bayram kunlarida yo‘lovchilar oqimi oshishi kutilayotgani bilan bog‘liq.
To‘rtta yo‘nalishda qo‘shimcha aviareyslar bo‘ladi
Bayram kunlarida havo transporti qatnovlari ham kengaytiriladi.
Bayramdan kamida ikki kun oldin Toshkent – Urganch, Toshkent – Nukus, Toshkent – Buxoro va Toshkent – Termiz yo‘nalishlarida qo‘shimcha aviareyslar amalga oshiriladi.
Turizm qo‘mitasi qayd etishicha, bu orqali tarixiy, madaniy va tabiiy turistik hududlarga safar qilish imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekistonliklar 3-4 kun dam oladi
Bu yil Mustaqillik bayrami munosabati bilan aholiga ketma-ket bir necha kun dam olish imkoniyati yaratiladi. Haftasiga besh kun ishlaydiganlar 29-avgustdan 1-sentabrgacha ketma-ket to‘rt kun dam oladi.
Olti kunlik ish haftasida faoliyat yuritadiganlar esa 30-avgustdan 1-sentabrgacha ketma-ket uch kun dam oladi.
Shu sababli bayram kunlarida ichki sayohatlarga talab oshishi kutilmoqda va qo‘shimcha transport qatnovlari aynan shu davrdagi yo‘lovchilar oqimini qoplashga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» o‘zbekistonliklar Mustaqillik bayramida necha kun dam olishi haqida yozgan edi.