O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan oltin va kumush tangalar sotuvga chiqarildi

Markaziy bank O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan uchta esdalik tangadan iborat kolleksiyani muomalaga chiqardi. Oltin va kumushdan zarb etilgan tangalar 27-avgustdan 690 ta tijorat banki filialida sotuvga chiqarildi.
Kolleksiya O‘zbekistonning milliy davlatchiligi, tarixiy merosi, milliy qadriyatlari va zamonaviy taraqqiyotini aks ettiruvchi uch xil dizayndagi tangadan iborat. Tangalarni uch donalik kolleksiya to‘plamida yoki har birini alohida sotib olish mumkin.
Har bir tanga 31,1 gramm vaznga ega



Esdalik tangalari 999,9 asillikdagi oltin va kumushdan zarb etilgan. Har bir tanganing og‘irligi 31,1 gramm, nominal qiymati esa 100 ming so‘mni tashkil etadi.
Oltin tangalarning dastlabki tiraji 450 dona, kumush tangalarniki esa 800 dona etib belgilangan.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, talabdan kelib chiqib tangalar tiraji keyinchalik oshirilishi mumkin.
Birinchi tangada Mustaqillik monumenti tasvirlangan



Kolleksiyadagi birinchi tanga O‘zbekiston mustaqilligi va milliy davlatchiligiga bag‘ishlangan.
Uning old tomonida Mustaqillik monumenti va undan taralayotgan quyosh nurlari aks ettirilgan. Ushbu tasvir ozodlik, milliy g‘urur va yorug‘ kelajak ramzi sifatida talqin qilingan.
Tanganing orqa tomonida O‘zbekiston Davlat bayrog‘i va uning qabul qilingan sanasi – 1991-yil 18-noyabr ko‘rsatilgan.
Ikkinchi tanga Islom sivilizatsiyasi markaziga bag‘ishlangan



Ikkinchi tanganing old tomonida Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi tasvirlangan.
Mazkur kompozitsiya O‘zbekistonning jahon ilm-fani, ma’naviyati va islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasini ifodalaydi.
Tanganing orqa tomonida O‘zbekiston Davlat gerbi va uning qabul qilingan sanasi – 1992-yil 2-iyul aks ettirilgan.
Uchinchi tangada «35» raqami asosiy o‘rinda
Uchinchi tanganing asosiy elementi «35» raqamidan iborat bo‘lib, u mustaqillikning 35 yilligini ifodalaydi.
Tanganing orqa tomonida O‘zbekiston Davlat madhiyasidan olingan «Olamni mahliyo aylagan diyor!» satri hamda Madhiyaning qabul qilingan sanasi – 1992-yil 10-dekabr joylashtirilgan.
Dizaynda milliy o‘ziga xoslikni aks ettirish uchun do‘ppi naqshlaridan ham foydalanilgan.
Tangalar 690 ta bank filialida sotiladi
Esdalik tangalari 27-avgustdan boshlab mamlakatdagi 690 ta tijorat banki filialida sotuvga chiqarilgan.
Tangalar narxi va qaysi banklarda mavjudligi haqidagi yangilangan ma’lumotlar Markaziy bankning rasmiy veb-saytida har kuni e’lon qilib boriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Islom sivilizatsiyasi forumiga bag‘ishlangan kumush tangalar sotuvga chiqishi haqida xabar berilgandi. Esdalik tangalari dizaynida forumning asosiy g‘oyalari – tinchlik, bag‘rikenglik, ilm-ma’rifat hamda O‘zbekistonning boy madaniy merosi o‘z ifodasini topgan bo‘lib, nufuzli xalqaro forumning ramziy timsoli sifatida yaratiladi.