«Paxta qulligi», majburiy va bolalar mehnati hamda «propiska» kabi muammolarga barham berildi — prezident

eʼlon qilindi
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda fikr bildirdi
«Paxta qulligi», majburiy va bolalar mehnati hamda «propiska» kabi muammolarga barham berildi — prezident
Foto: prezident.uz

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar, mustaqillikning ahamiyati va Yangi Toshkentning kelajakdagi o‘rni haqida fikr bildirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari ta’kidlashicha, 1991-yilda xalqning xohish-irodasi va qat’iyati bilan qo‘lga kiritilgan mustaqillikning ildizlari uch ming yildan ziyod davlatchilik an’analari va qadimiy sivilizatsiya tarixiga borib taqaladi.

Prezident Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiy kabi buyuk allomalar jahon tamadduniga ulkan hissa qo‘shganini ta’kidladi. Shuningdek, Amir Temur barpo qilgan davlat adolat va bunyodkorlik timsoli sifatida tarixda munosib o‘rin egallagani qayd etildi.

«Inson qadri uchun» g‘oyasi markazga chiqdi

Mirziyoyev mustaqillikning buyuk ahamiyati, avvalo, inson qadri va erkin hayotida namoyon bo‘lishini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, islohotlarning dastlabki kunlaridanoq xalqning qalbiga quloq solish va aholining muammolariga yechim topish asosiy maqsad qilib belgilangan.

«Inson qadri uchun» g‘oyasi davlat siyosatining markaziga olib chiqildi. Natijada fuqarolarni yillar davomida qiynab kelgan «paxta qulligi», majburiy va bolalar mehnati, konvertatsiya cheklovi hamda «propiska» kabi muammolarga barham berilgani aytildi.

«Eng asosiysi, fuqarolarimiz yuragidagi qo‘rquv va hadik o‘rnini ishonch va xotirjamlik egalladi. Har bir inson erkin va farovon yashaydigan jamiyat barpo etish uchun keyingi o‘n yilda tinimsiz izlandik, qattiq mehnat qildik», – dedi prezident.

Yangi Toshkent — taraqqiyot markazi

Mirziyoyev mustaqillik bayramining Yangi Toshkentda o‘tkazilayotgani tantana shukuhini yanada oshirayotganini qayd etdi.

Ushbu hudud kelgusida ilm-fan, ta’lim va madaniyat markaziga aylanishi ta’kidlandi. Kuni kecha Yangi O‘zbekiston universiteti, Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti hamda O‘zbekiston milliy kutubxonasining yangi binolari ishga tushirilgani qayd etildi.

Shuningdek, marosim ishtirokchilari huzurida ochiladigan favvora dunyodagi eng baland musiqali favvora sifatida «Ginnessning rekordlar kitobi»dan joy olgani aytildi.

«Aminmanki, Yangi Toshkent poytaxtimizning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib, biz barpo etayotgan Yangi O‘zbekistonning kuch-qudratini namoyon etadigan chinakam taraqqiyot markaziga aylanadi», – dedi davlat rahbari.

Marosimda mustaqillik uchun jonini fido qilgan ajdodlar, jadidlar va so‘nggi 35 yil davomida mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shgan marhum yurtdoshlar xotirasi yodga olindi. Birinchi prezident Islom Karimovning yorqin xotirasiga ham hurmat bajo keltirildi.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan oltin va kumush tangalar sotuvga chiqarilgani haqida yozgandi.

Shuningdek