AQSh Venesuela neft zaxiralarining beshdan birini nazorat qilmoqchi

eʼlon qilindi
Hozirda Venesuelada sutkasiga taxminan 1,25 mln barrel neft qazib olinadi
AQSh Venesuela neft zaxiralarining beshdan birini nazorat qilmoqchi
Rasm SI

AQSh Venesuelaning 65 mlrd barreldan ortiq tasdiqlangan neft zaxiralari ustidan ustuvor nazorat o‘rnatishni rejalashtirmoqda. Bu mamlakatdagi jami tasdiqlangan neft zaxiralarining qariyb beshdan biriga teng.

AQSh prezidenti Donald Trampning ma’lum qilishicha, Vashington xususiy biznes bilan hamkorlikda Venesueladagi yirik neft zaxiralari ustidan ustuvor nazoratni ta’minlaydigan kelishuvga erishgan. Biroq bitimning aniq tuzilishi, qaysi konlarni qamrab olishi va unda qaysi kompaniyalar ishtirok etishi hozircha oshkor qilinmadi.

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, kelishuv doirasida Amerika kompaniyalariga Venesueladagi ayrim neft konlarini uzoq muddat davomida o‘zlashtirish huquqini berish ko‘rib chiqilmoqda. Qazib olinadigan neftning asosiy qismi AQSh bozoriga yetkazib berilishi mumkin.

Kelishuv qamrab olishi mumkin bo‘lgan hududlar orasida dunyodagi eng yirik neft rayonlaridan biri hisoblangan Orinoko neft kamari hamda Marakaybo ko‘li atrofidagi konlar bor.

Venesuela hukumati kelasi haftada bir qator kompaniyalar, jumladan, AQSh korxonalari bilan neftni qidirish va qazib olish huquqini beruvchi kelishuvlarni imzolashga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

AQSh va Venesuela kelishuvdan nima oladi

AQSh davlat kotibi Marko Rubio kelishuv Venesuelaga qariyb $100 mlrd miqdorida xususiy investitsiya jalb qilishga hamda minglab yangi ish o‘rinlarini yaratishga yordam berishi mumkinligini aytdi.

Vashington uchun esa asosiy manfaatlardan biri barqaror va nisbatan arzon neft manbasiga ega bo‘lishdir. AQSh hukumati Venesueladan yetkazib berish hajmining oshishi ichki bozorda yoqilg‘i taklifini ko‘paytirishi va benzin narxlariga pasaytiruvchi ta’sir ko‘rsatishiga umid qilmoqda.

Venesuelaning vaqtinchalik rahbari Delsi Rodrigesga ko‘ra, mamlakatdagi 17 ta strategik neft konini o‘zlashtirish neft qazib olish hajmini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.

Karakas hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu loyihalar amalga oshirilsa, Davlat budjetiga umumiy hisobda $209 mlrd miqdorida soliq tushumlari kelib tushishi mumkin.

Dunyodagi eng katta zaxira, ammo ishlab chiqarish past

Venesuela tasdiqlangan neft zaxiralari hajmi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Shunga qaramay, mamlakatning amaldagi neft qazib olish hajmi salohiyatiga nisbatan ancha past bo‘lib qolmoqda.

Hozirda Venesuelada sutkasiga taxminan 1,25 mln barrel neft qazib olinadi.

Ishlab chiqarishning bunday darajada qolishiga uzoq yillar davom etgan investitsiya tanqisligi, neft sanoatini boshqarishdagi muammolar, xalqaro sanksiyalar hamda ishlab chiqarish va transport infratuzilmasining eskirishi sabab bo‘lgan.

AQSh kompaniyalarining qaytishi va yangi kapital kiritilishi neft qazib olish hajmini oshirishi mumkin. Biroq buning uchun konlarning o‘zidan tashqari elektr tarmoqlari, quvurlar, neftni qayta ishlash zavodlari va eksport terminallarini ham modernizatsiya qilish talab etiladi.

Avvalroq «Kursiv» Venesueladagi zilzilalarda 6,1 ming kishi halok bo‘lgani haqida yozgan edi.

Shuningdek