O‘zbekiston va Hindiston savdoni $5 mlrdga yetkazmoqchi

O‘zbekiston va Hindiston 2030-yilgacha o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini $5 mlrdga yetkazishga kelishib oldi. Shavkat Mirziyoyev va Narendra Modi ikki davlat munosabatlarini keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqish, sanoat kooperatsiyasi va investitsiyaviy loyihalarni kengaytirish bo‘yicha ham kelishuvga erishdi.
Uchrashuv avvalida Narendra Modi O‘zbekiston rahbarini Mustaqillik kuni bilan tabriklab, mamlakat xalqiga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladi.
Tomonlar O‘zbekiston – Hindiston strategik sherikligini yanada rivojlantirish, savdo, investitsiyalar, sanoat, ta’lim va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
O‘zaro savdo hajmi $5 mlrdga yetkaziladi

Muzokaralarda savdo-iqtisodiy hamkorlik asosiy mavzulardan biri bo‘ldi.
2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ilk bor $1 mlrddan oshgan. Tomonlar mavjud imkoniyatlar bu ko‘rsatkichni bir necha barobar ko‘paytirish imkonini berishini qayd etdi.
Shu munosabat bilan ikki davlat 2030-yilgacha o‘zaro savdo hajmini $5 mlrdga yetkazish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga kelishib oldi.
So‘nggi yillarda ikki mamlakat ishtirokidagi qo‘shma korxonalar soni ham yetti barobarga oshgan.
Hindiston kompaniyalari bilan yangi loyihalar rejalashtirilmoqda

Prezident va bosh vazir sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratdi.
Hindistonning yetakchi kompaniyalari bilan energetika, elektrotexnika, metallurgiya, muhim minerallar, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va zargarlik sanoati yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuqori baholandi.
Uchrashuv yakunida tegishli vazirlik va idoralarga qo‘shma loyiha hamda dasturlarni tezlashtirish topshirildi. Har bir ustuvor yo‘nalish bo‘yicha aniq mexanizmlar, mas’ul ijrochilar va amalga oshirish muddatlari ko‘rsatilgan «yo‘l xaritalari» ishlab chiqiladi.
Munosabatlar yangi darajaga olib chiqiladi
Tomonlar Narendra Modining O‘zbekistonga davlat tashrifini tarixiy ahamiyatga ega deb baholadi.
Muzokaralarda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi aloqalarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqish ikki tomonlama munosabatlarda yangi bosqichni boshlab berishi ta’kidlandi.
Siyosiy muloqotni barcha darajalarda, jumladan, parlamentlardagi do‘stlik guruhlari, Hukumatlararo komissiya hamda Ishbilarmonlar kengashi doirasida faollashtirishga kelishildi.
Shuningdek, hamkorlikni muvofiqlashtirish uchun ikki davlat tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasida alohida mexanizm tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Hududlar o‘rtasidagi hamkorlik kengaymoqda

Muzokaralarda O‘zbekiston viloyatlari va Hindiston hududlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarga ham e’tibor qaratildi.
Hozirda Andijon viloyati va Gujarat shtati, Farg‘ona viloyati va Haryana shtati, Samarqand viloyati va Agra o‘rtasida sheriklik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi transport aloqalari ham kengaymoqda. Hozir O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida haftasiga 14 ta to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnov amalga oshirilmoqda.
O‘zbekistonda Hindistonning to‘rtta universiteti ishlamoqda
Ta’lim va madaniy-gumanitar hamkorlik ham muzokaralarning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi.
Ayni paytda O‘zbekistonda Hindistonning to‘rtta universiteti faoliyat yuritmoqda.
Madaniy aloqalarda Lal Bahodur Shastri nomidagi Hind madaniyati markazi va Mahatma Gandi nomidagi Hindshunoslik markazining o‘rni alohida qayd etildi. O‘zbekistonda yoga tobora ommalashib borayotgani ham ta’kidlandi.
Tomonlar madaniyat kunlari, konsertlar, ko‘rgazmalar, forumlar va kinofestivallarni muntazam o‘tkazishga kelishib oldi. Narendra Modining tashrifi doirasida madaniy almashinuv bo‘yicha besh yillik dastur imzolanishi rejalashtirilgan.
Avvalroq «Kursiv» Shavkat Mirziyoyev Narendra Modini Ko‘ksaroyda kutib olgani haqida yozgan edi.