Narendra Modi O‘zbekistonning «Oliy Darajali Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi O‘zbekiston Respublikasining «Oliy Darajali Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Marosimda ta’kidlanishicha, Hindistonning so‘nggi yillardagi jadal rivojlanishi va xalqaro maydondagi nufuzi oshib borishi Narendra Modining faoliyati bilan bog‘liq. Mamlakatda amalga oshirilayotgan dastur va strategiyalar Hindistonning turli sohalarda yuqori natijalarga erishishiga xizmat qilayotgani qayd etildi.
Mukofot ikki xalq do‘stligiga qo‘shilgan hissa uchun berildi
Shavkat Mirziyoyev mukofotni topshirar ekan, mazkur qaror Narendra Modining O‘zbekiston va Hindiston xalqlari o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga qo‘shayotgan hissasiga yuksak baho ekanini ta’kidladi.
Davlat rahbari orden O‘zbekiston xalqi va davlatining Hindiston bosh vaziriga bo‘lgan ehtiromini ifodalashini qayd etdi.
Shuningdek, ikki davlat o‘rtasida siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va madaniy-gumanitar yo‘nalishlardagi hamkorlik so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilgani aytildi.
O‘zbekiston va Hindiston munosabatlari yangi darajaga ko‘tarildi
Narendra Modining O‘zbekistonga davlat tashrifi davomida o‘tkazilgan muzokaralar yakunida ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqishga erishilgani ta’kidlandi.
Tomonlar bu yangi format siyosiy muloqotni kuchaytirish, o‘zaro savdo hajmini oshirish, investitsiya loyihalarini kengaytirish va transport aloqalarini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishini qayd etdi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev va Narendra Modi 2030-yilgacha ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini $5 mlrdga yetkazish bo‘yicha choralar ko‘rishga kelishgan edi.
Mirziyoyev hamkorlik yanada kengayishiga ishonch bildirdi
O‘zbekiston prezidenti ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik kelgusida ham izchil rivojlanishiga ishonch bildirdi.
«Umumiy intilish va harakatlarimiz bilan ko‘p qirrali va uzoq muddatli aloqalarimiz kelgusida ham jadal rivojlanib borishiga aminman», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Tomonlar Narendra Modiga berilgan mukofot ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston va Hindiston savdoni $5 mlrdga yetkazmoqchiligi haqida yozgan edi.