Energetika, nodir metallar va farmatsevtika: O‘zbekiston va Hindiston yetakchilari muzokaralar yakunlarini sarhisob qildi

eʼlon qilindi
Tomonlar tashrif yakunida ikki davlat munosabatlari keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini qayd etdi
Energetika, nodir metallar va farmatsevtika: O‘zbekiston va Hindiston yetakchilari muzokaralar yakunlarini sarhisob qildi
Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston bosh vaziri Narendra Modi muzokaralar yakunlari bo‘yicha OAV vakillariga bayonot berdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Davlat rahbari Narendra Modining O‘zbekistonga tashrifini tarixiy deb atadi va muzokaralar ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro hurmat hamda ishonchning yana bir ifodasi bo‘lganini ta’kidladi. Tomonlar tashrif yakunida ikki davlat munosabatlari keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini qayd etdi.

Savdo aylanmasi $1,3 mlrdga yetdi

Muzokaralarda asosiy e’tibor iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratildi.

2025-yilda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 33 foizga o‘sib, $1,3 mlrdga yetgan. Endi tomonlar ushbu ko‘rsatkichni 2030-yilgacha $5 mlrdga olib chiqishni maqsad qilmoqda.

Tashrif doirasida qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli ham shakllantirildi. O‘zbekiston tomoni Hindistonning bir qator yirik kompaniyalari bilan aniq kelishuvlarga erishilganini ma’lum qildi.

Yangi «o‘sish nuqtalari» belgilandi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Muzokaralar davomida ikki mamlakat hamkorligini kengaytirish mumkin bo‘lgan yangi yo‘nalishlar belgilab olindi.

Xususan, energetika, nodir minerallar, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, elektronika, mashinasozlik, zargarlik sanoati va qishloq xo‘jaligi istiqbolli sohalar sifatida qayd etildi. Shavkat Mirziyoyev Hindistonning raqamli texnologiyalar, dasturiy ta’minot va startaplar sohasidagi natijalarini ham alohida ta’kidladi.

Tashrifga tayyorgarlik doirasida salmoqli hujjatlar to‘plami shakllantirilib, Qo‘shma bayonot qabul qilindi va bir qator hukumatlararo bitimlar imzolandi.

Vizalar va aviaqatnovlar turizmni rivojlantirishi kutilmoqda

Madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.

Hozirda O‘zbekistonda Hindistonning to‘rtta oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, Lal Bahodur Shastri va Mahatma Gandi nomidagi markazlarning faoliyati ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilayotgani qayd etildi.

Ikki mamlakat fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz tartib hamda haftasiga 14 ta to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnov turizm oqimini oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratishi ta’kidlandi.

Avvalroq «Kursiv» Narendra Modi O‘zbekistonning «Oliy Darajali Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek