Toshkent metrosida poyezdlar qatnovi oralig‘i qisqartiriladi

Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasalarida darslar soat 08:00 dan boshlanishi sababli, ertalabki va kechki tig‘iz vaqtlarda jamoat transportida yo‘lovchilar oqimini samarali boshqarish maqsadida qator o‘zgarishlar amalga oshiriladi. Bu haqda Toshkent metropoliteni xabar berdi.
Poyezdlar harakati oralig‘ining qisqartirilishi
Kunning tig‘iz vaqtlarida yo‘lovchilarga qulaylik yaratish uchun barcha yo‘nalishlarda poyezdlar harakati intervallari kamaytiriladi. Xususan, Chilonzor yo‘nalishida oraliq vaqt 1,5-2 daqiqagacha, O‘zbekiston yo‘nalishida esa 3 daqiqagacha qisqartiriladi. Shuningdek, Yunusobod yo‘nalishida poyezdlar 4 daqiqagacha, Yer usti halqa yo‘lida esa 7-8 daqiqagacha interval bilan harakatlanadi.
Vagonlar parkini yangilash ishlari
Joriy 2026-yil davomida metropoliten harakat tarkibini yana 14 ta zamonaviy poyezd bilan to‘ldirish rejalashtirilgan. Bugungi kunga qadar ularning 11 tasi vagon parkiga yetkazib berilgan. Yaqin kunlarda qolgan 3 ta zamonaviy harakat tarkibi ham olib kelinishi kutilmoqda.
Bekatlarda kuchaytirilgan navbatchilik tizimi
Yo‘lovchilar oqimini to‘g‘ri taqsimlash va bekatlarda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida kunning tig‘iz vaqtlarida barcha 50 ta metro bekatida maxsus navbatchilik tizimi yo‘lga qo‘yildi. Belgilangan jadval asosida metropoliten rahbariyati va mas’ul xodimlari ertalab va kechqurun bekatlarda bo‘lib, yo‘lovchilarga amaliy ko‘mak ko‘rsatadi hamda transport qatnovining barqaror ishlashini nazorat qiladi.
Avvalroq Kursiv nashri Chinor metro bekati 29-iyuldan yana yo‘lovchilar uchun ochilgani haqida xabar bergan edi.